O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Aksionerlik jamiyati axborot xizmati rahbari Rustambek Eshbekov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tizim korxonalarida jami 584,3 mln. so‘mlik tovar moddiy boyliklari talon-toroj qilinishining oldi olingan.
Aybdor shaxslarga ichki tartib-qoidalar asosida intizomiy choralar ko‘rildi.
O‘rganishlar davomida «Farg‘onaazot» va «Maksam-Chirchiq» AJlarida reaksion quvurlarning talon-toroj qilinishi hamda tayyor mahsulotga qo‘shib yozish holatlari aniqlanib korxonalarning 14 nafar mas’ul mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va hozirda tergov ishlari davom etmoqda.
«Maksam-Chirchiq» AJda 18 ta, «Navoiazot» AJda 21 ta, «Farg‘onaazot» AJda 6 ta, «Dehqonobod kaliy zavodi» AJda 3 ta va «Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJda 1 ta holatda o‘zaro yaqin qarindoshlar bevosita qo‘l ostida yoki rahbarligida ishlashi natijasida vujudga kelgan manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlandi.
Hozirda ushbu xodimlarni korxonaning boshqa sexlariga va lavozimlariga o‘tkazish orqali manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish choralari ko‘rilmoqda.
Joriy yilda jamiyat va tizim korxonalari xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida komplayens xizmati xodimlari va huquq-tartibot organlari xodimlari ishtirokida jami 186 ta tushuntirish-profilaktik tadbirlari amalga oshirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA