Bugungi kunda “O‘zkimyosanoat” AJda xodimlarning intellektual salohiyatini oshirish, jamoaviy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashkilot tizimidagi xodimlar o‘rtasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yini ham shunday maqsadlarga qaratildi.
Bellashuvda jamiyat markaziy apparati xodimlaridan tuzilgan 9 ta jamoa ishtirok etdi.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgan o‘yin davomida ishtirokchilar o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etdi. Bellashuv yakunida eng kuchli jamoalar saralanib, g‘oliblar aniqlandi. G‘olib jamoalar “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi tomonidan esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, “Gimnastika barcha uchun” shiori ostida o‘tkazilgan Gimnastrada o‘yinlarining Prezident kubogi musobaqalarida tashkilot xotin-qizlari jamoasi ham faol ishtirok etdi. Jamoa a’zolari o‘zlarining yorqin chiqishlarini namoyish etib, “Kompozitsiyaning o‘ziga xosligi” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash kerakki, xotin-qizlar jamoasining mazkur musobaqadagi muvaffaqiyatli ishtiroki xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, jismoniy madaniyat va faol hayot tarzini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbir yakunida g‘oliblarga esdalik sovg‘alar taqdim etildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA