Ma’lumki, korrupsiyaga qarshi kurashish jamiyat taraqqiyoti va davlat boshqaruvida adolatni ta’minlashning muhim sharti hisoblanadi. Bu illat iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilibgina qolmay, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini ham susaytiradi.
Shu bois, korrupsiyaga qarshi kurashishda qonun ustuvorligini mustahkamlash, davlat xizmatchilari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda aholining huquqiy ongini yuksaltirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu talablardan kelib chiqib, “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida 2025 yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qanday ishlar amalga oshirildi?
Bu haqda “O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov quyidagicha ma’lumot berdi:
–2025 yil davomida “O‘zkimyosanoat” AJ hamda tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat sohasida amalga oshirilgan barcha chora-tadbirlar amaldagi qonunchilik talablari, shuningdek jamiyatning ichki normativ-huquqiy hujjatlari talablariga muvofiq ravishda tashkil etildi.
Komplayens nazoratni ta’minlash, korrupsiya holatlarining oldini olish hamda ularga barham berishga qaratilgan ishlar “O‘zkimyosanoat” AJ ijro apparatida, shuningdek “Maksam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “O‘zkimyosanoatloyiha” AJ va “O‘zkimyoimpeks” MCHJda tizimli va izchil tarzda amalga oshirildi.
Tashkilotimiz va unga qarashli korxonalarga ishga qabul qilingan jami 269 nafar yangi xodim belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilib, mazkur jarayon manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratildi.
Kadrlar salohiyatini oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor berildi. Xususan, 207 nafar rahbar, xodim hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat va komplayens tuzilmalari mutaxassislarining malakasi oshirildi. Jumladan, 40 nafar rahbar va xodim ISO 31000:2018 - “Xavflarni boshqarish” xalqaro standarti bo‘yicha o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunladi. 167 nafar xodim “Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya” portali hamda CERT Akademiyasi mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining samarali ishlashini ta’minlash” mavzusidagi o‘quv mashg‘ulotlari, shuningdek ISO 37001:2016 va ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi” xalqaro standartlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan kurslarda o‘z malakasini oshirdi.
Korxonalarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan 160 dan ortiq seminar va davra suhbatlari tashkil etilib, ular doirasida 5 ming 133 nafar xodim korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat faoliyatida halollik tamoyillariga rioya etish hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablariga muvofiq, 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan “E-Antikor.uz” elektron platformasiga kiritish uchun 5 ta yo‘nalish va 29 ta maxsus indikator bo‘yicha tegishli ma’lumotlar shakllantirildi.
2025 yil aprel oyida “O‘zkimyosanoat” AJ xalqaro “CERT International” akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi auditdan muvaffaqiyatli o‘tib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida joriy etilgan boshqaruv tizimining xalqaro talablarga mosligi tasdiqlandi hamda jamiyat ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatiga qaytadan munosib deb topildi.
Davlat xaridlari sohasida ham shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, jami 3 ming 438 ta xo‘jalik shartnomasi tuzilib, ularning barchasiga korrupsiyaga qarshi kurashishga oid majburiy shartlar kiritildi.
Shuningdek, hisobot davrida “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarining ishonch aloqa kanallari orqali jismoniy va yuridik shaxslardan jami 380 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlarning 12 tasi korrupsiyaga oid bo‘lib, barchasi bo‘yicha belgilangan tartibda xizmat tekshiruvlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi.
Bundan tashqari, tizimda o‘tkazilgan 207 ta rejali tekshiruv natijasida 27 ta holat yuzasidan to‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Ayni paytda mazkur 27 ta holat bo‘yicha tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.
Umuman olganda, 2025 yil davomida “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilgan tizimli va izchil chora-tadbirlar sohada ochiqlik, shaffoflik, mas’uliyat va halollik tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA