“O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan xalqaro ESG reytingini olish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirildi.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tashkilot “S&P Global” xalqaro reyting agentligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, 2025-yil 17-fevralda ilk bor ESG reytingiga ega bo‘ldi. Baholash yakunlariga ko‘ra, kompaniya 29 ball to‘plab, O‘zbekistonda mazkur agentlik tomonidan ESG reytingi berilgan birinchi korxona sifatida e’tirof etildi.
Barqaror rivojlanish, ekologik mas’uliyat va samarali korporativ boshqaruvni ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida joriy yilda “O‘zkimyosanoat” AJ ning ESG ko‘rsatkichi 36 ballgacha oshdi. Bu esa jamiyatda korporativ boshqaruvni takomillashtirish, risk-menejment tizimini mustahkamlash, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda inson kapitalini samarali boshqarish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasini namoyon etdi.
Qayd etilishicha, erishilgan natijalar “O‘zkimyosanoat” AJda ESG tamoyillarini tizimli joriy etish, shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq faoliyat yuritishga qaratilgan islohotlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA