Yaqinda Moody’s xalqaro reyting agentligi “O‘zkimyosanoat” AJga B1 (barqaror) darajadagi xalqaro kredit reytingini berdi.
Mazkur reyting darajasi “O‘zkimyosanoat” AJni jahonning mashhur investorlar bozorlariga aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy hisobotlariga va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega ishlab chiqaruvchi korxona sifatida namoyish etadi.
Shuningdek, mazkur yutuq kelgusida “O‘zkimyosanoat” AJning iqtisodiy barqarorligini yanada oshirishga xizmat qiladi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy kreditlarni davlat kafolatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish imkoniyatini beradi.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, avvalroq “O‘zkimyosanoat” AJ mamlakat kimyo sanoati tarixida ilk bor yirik xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings' ning BB- “Barqaror” toifasidagi xalqaro kredit reytingiga ega bo‘lgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Fitch Ratings, Moody’s — Amerika korporatsiyalari bo‘lib, xalqaro reyting agentliklarining “BIG 3”dan o‘rin olgan. Kompaniyalar jahon kredit bozorlarini mustaqil va istiqbolli kredit reytinglari, tushunchalar va ma’lumotlar bilan ta’minlashga ixtisoslashgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA