Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda xalqaro hamkorlik muhim
15:53 / 2025-06-04

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish maqsadida xalqaro hamkorlik aloqalari izchil mustahkamlanmoqda.

Ayni yo‘nalishda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari qator muhim sohalarni qamrab olib, qishloq joylardagi salohiyatni yuzaga chiqarish, resurslardan oqilona foydalanish va investitsiyaviy muhitni yaxshilashga xizmat qilmoqda. 

Iqtisodiyot va moliya vazirligida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti investitsiya markazi direktori Muhammad Mansuri boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z bordi. 

Uchrashuv chog‘ida tomonlar qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlimga mos investitsiyalar, barqaror yer va suv resurslaridan foydalanish hamda moliyaviy inklyuzivlik kabi ustuvor yo‘nalishlarda fikr almashib, yangi tashabbuslarni muhokama qildi. Bunda hududlar kesimida mavjud iqtisodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish, infratuzilmaviy imkoniyatlarni yaxshilash orqali xususiy sektor investitsiyalarini jalb etish muhim masala hisoblanadi.

Unda ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini boshqarish yo‘nalishida yirik strategik investitsiya rejalarini amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. 

Ma’lumki, BMTning FAO tashkiloti dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ochlikka barham berish va qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish maqsadida faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilotdir. Uning Investitsiya markazi esa a’zo davlatlarda samarali loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashib kelmoqda. 

Tomonlar fikriga ko‘ra, resurslardan samarali foydalanish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish orqali hosildorlikni oshirish mumkin. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlarga chiqishini ta’minlash, logistika zanjirlarini rivojlantirish va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar turini kengaytirish ham maqsadga muvofiqdir. 

–FAO tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar qator muhim texnik va tahliliy yo‘nalishlarni qamrab olgan. Jumladan, savdo bo‘yicha tahliliy tadqiqotlar, chorvachilikni rivojlantirishda texnik yordam, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, iqlimga mos mintaqaviy va global qiymat zanjirlarini mustahkamlash shular jumlasidandir. Mazkur uchrashuv o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda dolzarb loyihalar bo‘yicha muloqotni davom ettirishga yana bir muhim qadam bo‘ldi, – dedi vazirlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Odil O‘sarov. 

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA