Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi muhokama qilindi
13:55 / 2016-03-15

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlashning huquqiy asoslari” mavzuida seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlashning huquqiy asoslari” mavzuida seminar o‘tkazildi.

Unda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida aholining to‘g‘ri ovqatlanishi borasidagi faoliyatni mustahkamlashga yo‘naltirilgan qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilab berilganligi xususida so‘z yuritildi.

O‘zbekistonda shakllangan sabzavotchilik va bog‘dorchilik madaniyati azaldan mahalliy o‘g‘itlardan foydalanishni ko‘zda tutadigan biologik dehqonchilik prinsiplariga asoslangan. Bu geni modifikatsiya qilinmagan, ekologik toza meva va sabzavotlar yetishtirish imkonini bermoqda.

Amalga oshirilayotgan islohotlar qishloq xo‘jaligini tubdan diversifikatsiya qilish va aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash, shuningdek, yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning xalqaro bozordagi yuksak raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qilayotir. Mazkur soha O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Veterinariya to‘g‘risida”, “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”, “Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”, “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar bilan tartibga solinmoqda.

– Bozorlarimiz yil davomida turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga serob bo‘ladi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining ovqatlanish gigiyenasi boshqarmasi bosh mutaxassisi, professor Anatoliy Xudoyberganov. – Ular bebaho iste’mol xususiyatlari, ya’ni tarkibida tabiiy shakar, amino va organik kislotalar, salomatlik uchun muhim bo‘lgan mikroelementlar va oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boyligi bilan qimmatlidir.

Tadbirda biologik faol qo‘shimchalar, geni o‘zgartirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini yurtimizga olib kirishni tartibga solish muhimligi qayd etildi. Xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarining sog‘lom avlod tarbiyasidagi ahamiyati, mikronutriyentlar bilan boyitilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni rivojlantirish, ovqatlanish madaniyatini tushuntirish masalalari haqida so‘z yuritildi.