Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oziq-ovqat xavfsizligi yetishtiruvchi ham, xaridor ham manfaatdor bo‘lsin
15:01 / 2024-09-17

Keyingi yillarda yer yuzida ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar va qurg‘oqchilik kabi holatlar oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni qiyinlashtiryapti. Albatta, bu holat bizga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimizda so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan ko‘plab Farmon va qarorlar qabul qilinib, buning natijasida joylarda qator amaliy ishlar qilinib, ulkan yutuqlarga erishildi. Jumladan, agrar tarmoqda ishlab chiqarish hajmi ikki barobar oshdi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy holatini barqaror rivojlantirish, fuqarolarning sog‘ligi va hayotini yaxshilashning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Xususan, joriy yilda Prezidentimizning Farmoni bilan O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlandi.  Uning asosiy yo‘nalishlari qilib, oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash, erkin bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan mexanizmlar orqali strategik ahamiyatga ega qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari hamda ularning xomashyo zaxiralarini yaratish belgilandi.

Yangi O‘zbekistonning 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ham ushbu sohani keyingi 5 yillikda jadal rivojlantirish istiqbollari belgilab berildi. Xususan, Taraqqiyot strategiyasining 
30-maqsadida qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish vazifasi mustahkamlandi. 

Ko‘zlangan maqsadlarga erishishda, avvalo, sohaning o‘zagini tashkil etuvchi klasterlar va fermerlik faoliyati rivoji muhim ahamiyatga ega. Bu borada sezilarli ijobiy natijalar ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, yurtimizning deyarli barcha hududlarida mahsulot yetishtirishdan tortib undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni qamrab oluvchi klasterlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Fikrimizni fermerlik harakati misolida davom ettiradigan bo‘lsak, fermer xo‘jaliklari mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. 2023 yilda ular yalpi don hosilining 81,1 foizini, kartoshkaning 23,2 foizini, sabzavot mahsulotlarining                36,5 foizini, mevalarning 42,2 foizini, uzumning 43,3 foizini, poliz ekinlarining 51,1 foizini yetishtirdi. So‘nggi 5 yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarish hajmi 10 foizga oshdi.

Ko‘rsatkichlar nimaning hisobiga o‘sadi?

Hozirgi kunda yurtimizda 91 ming nafardan ortiq fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda. Quvonarlisi, hozirda ularning                                5 mingdan ortig‘i davlatdan  hech qanday resurs olmay g‘alla va paxta hosili yetishtirmoqda. Albatta, bunday asl dehqonlarning soni yil sayin ko‘payib bormoqda.

 2020 yildan davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bekor qilinib, sohada bosqichma-bosqich bozor tamoyillari joriy etildi. 

Fermer xo‘jaliklariga g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan erkin foydalanish hamda xizmat ko‘rsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilishi yuqori manfaatdorlikni ta’minlamoqda.

Davlat resursi va birja savdolarida sotish uchun g‘alla topshirish ko‘proq manfaat keltirayotganini fermerlar his etmoqda. Buning natijasida fermer va dehqonlar tomonidan bu yil g‘alladan misli ko‘rilmagan darajada hosil ko‘tardi. 

G‘alladan gektardan 100 sentnerdan oshirib don hosili olayotgan fermer soni hozirda ming nafardan oshdi. Jumladan, Xorazm viloyatida 274 nafar, Samarqand viloyatida 104, Jizzaxda 103 ta va boshqa viloyatlardan ham yuzlab fermer shunday yuqori natijaga erishdi.

 Bu yil fermer va dehqonlar tomonidan don va boshqa ekinlaridan olgan daromadi hisobiga minglab fermerlar tomonidan o‘z faoliyatiga yangi zamonaviy texnika parkilarini hamda go‘sht, sut va mevani qayta ishlash sohalarini rivojlantirib, qishloq joylarda yuzlab yangi ish o‘rinlarini tashkil etayapti. 

Misol uchun, Andijon viloyati Oltinko‘l tumani "Baxt imkon rivoj chorvasi" fermer xo‘jaligi yangi zamonaviy texnika parki, Jizzax viloyati Do‘stlik tumani “Eshniyoz bobo” fermer xo‘jaligi tomonidan Italiya davlati olib kelgan texnologiyalari asosida go‘sht va sutni qayta ishlash, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Xayrullo Baxrom Boymatov” fermer xo‘jaligi tomonidan meva-sabzavotni qayta ishlash va muzlatkichli omborxonalarini tashkil etgan hamda Romitandagi “G‘afurobod Zulfiya”, Olotdagi “Shukrullo O‘rin”, Koson tumanidagi “Tog‘ayev Anvar”, Paxtachidagi “O‘zagro saxovat yerlari”, “Aziz bobo dalalari”, Narpaydagi “Paxtakor”, Ishtixondagi “Tojiyev Qurbon ota”, Angordagi “Xamkon tilla buloq”, Jarqo‘rg‘ondagi “Dilshod Ravshanqulovich”, Qumqo‘rg‘ondagi “Elobod ziyosi”, Sheroboddagi “Shayman ota”, Beshariqdagi “Ilxomjon Olimov”, Toshloqdagi “Boymat Shermatov saxovati”, “Ziroatchi”, Uchko‘prikdagi “Saxovatlik hamkorlik”, Yozyovondagi “Var Zulfiqor”, Gurlandagi “Sevara Feruza”, “Sanjarbek Ergashbek”, Yangibozordagi “Davronbek oltin diyori” va “Tojiboy”fermer xo‘jaliklari tomonidan zamonaviy texnika va serviz xizmatlarini tashkil etib, qo‘plab qishloqdoshlarini ish bilan ta’minlamoqda. Bunday fermerlarni minglab sanab o‘tishimiz mumkin.

Bundan tashqari, fermerlarimiz tomonidan kelgusi yillarda g‘alladan 90-100 sentnerdan va paxtadan 45-50 sentner yuqori hosil olish uchun suv tejovchi texnologiyalar joriy qilishni yanada tezlashtirib yubormoqda.

Shuningdek, bugungi kunda fermerlarimiz dalalarida paxta yig‘im terimi ham ayni qizg‘in pallaga kirdi. Fermer xo‘jaliklarimiz paxtadan ham yuqori hosil olish bo‘yicha tinim bilmay mehnat qilmoqda. 

Qayd etish joizki, hozirda yurtimizda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlarning umumiy maydoni 4,2 million gektarni tashkil etadi. Ana shu maydondan unumli foydalanish esa bugungi kunning muhim vazifasidir.

Hozirgi dehqon va fermerlar har qarich yerdan qanday unumli foydalanishni biladi. Bir yilda bir hosil olib, qolgan vaqtda shuning daromadiga kun ko‘radigan davrlar endi yo‘q. Bugun yer egalari yiliga 2-3 marta hosil olib, daromadini bir necha barobarga oshirishni yaxshi uddalayapti.

Qishloq aholisining aksariyati g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin ekish mavsumini kutadi. Chunki g‘alladan bo‘shagan yer maydonlari talabgorlarga takroriy ekin ekish uchun bo‘lib berilib, yoshlar va ayollarning mavsumiy bandligini ta’minlash, daromad topishida muhim omil bo‘ladi. 

Bu yil g‘alladan bo‘shagan qariyb 900 ming gektardan ziyod maydonga takroriy ekinlar, jumladan, 286 ming gektarga dukkakli, 104 ming gektarga sabzavot, 42 ming gektarga kartoshka, 47 ming gektar poliz, 100 ming gektarga sholi, 245 ming gektarga ozuqa ekinlari va 60 ming gektar tariq va boshqa ekinlar ekildi.

Ayniqsa, bu yil 500 ming nafar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” 
va “Yoshlar daftari”da va ishsiz fuqarolarga dehqonchilik qilish uchun fermerlar tomonidan takroriy ekinlar ekish uchun 20 sotixdan 1 gektargacha jami 159 ming gektar yer ajratildi (o‘tgan yilga nisbatan 31 ming gektarga ko‘p). 

Bundan tashqari, Davlatimiz Rahbarining shu yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan talabgor yigit-qizlarga                                60 ming gektar yer maydoni ijaraga berildi. Ularning mehnat unumdorligini oshirish, yerdan samarali foydalanishini ta’minlash maqsadida esa O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Jamg‘arma tomonidan 1 257 nafar yoshga mini-texnika, urug‘ va ko‘chat qilish uchun 37 mlrd so‘m kredit ajratildi.

Joriy yilda takroriy ekinlardan har bir gektar maydondan o‘rtacha 15-20 mln. so‘mdan daromad ko‘rishni rejalashtirayapti dehqonlarimiz. 

Umuman, kelgusi yaqin yillarda yurtimizda dehqonchilik mahsulotlari yetishtirish yiliga 5 foiz o‘sishi kutilmoqda. Bunday hosildorlik esa  qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining ham ishtirochisi, ham iste’molchisi bo‘lgan yurtdoshlarimiz farovonligi oshishiga xizmat qiladi.

Sohadagi islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham aholining oziq-ovqat mahsulotlariga talabini qondirish, bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlash, aholi bandligini ta’minlash va farovonligini oshirishdan iboratdir.

Qisqa qilib aytganda yerdan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan ushbu sa’y-harakatlar zamirida xalqimizning kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish, yurtimizda yilning to‘rt faslida ham narx-navo mo‘’tadilligini ta’minlashdek ezgu maqsad mujassamdir.

 

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa 
yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i Z.Allamuradov