Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmagan mamlakatlar soni ortmoqda
18:48 / 2021-05-06

Dunyo bo‘yicha oziq-ovqat xavfsizligi bilan ta’minlanmagan, yashab qolish uchun tezkor yordam ololmayotgan odamlarning soni keyingi besh yil ichida eng yuqori darajaga chiqdi, deyiladi oziq-ovqat inqiroziga qarshi kurash bo‘yicha global tarmoq hisoblangan BMTning xalqaro alyansi, Yevropa Ittifoqi va nodavlat tashkilotlar tarqatgan hisobotda.

Hujjatda keltirilishicha, mojarolar, iqtisodiy inqirozlar, COVID-19 pandemiyasi va keskin ob-havo sharoitlari tufayli 2020 yilda dunyoda kamida 155 million kishi ocharchilik sharoitiga tushib qolgan.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotda ocharchilik millionlab odamlarning kundalik muammosiga aylanib borayotgani haqidagi xulosaga kelingan.

“2020 yilda dunyoning 55 mamlakati yoki 155 milliondan ziyod kishi oziq-ovqat xavfsizligi bilan ta’minlanmagan, ular inqirozlar va boshqa og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan. Bu avvalgi yilga qaraganda taxminan 20 million kishiga ko‘p. Ushbu raqam 2017 yildan buyon oziq-ovqat tanqisligi darajasi muntazam ravishda keskin oshib borayotganiga ishoradir”, deyiladi hisobotda.

Shulardan 133 ming kishi oziq-ovqat xavfsizligi "falokatli" tus olgan sharoitda yashamoqda. Burkina-Faso, Janubiy Sudan va Yaman mamlakatlarida oziq-ovqat yetishmasligidan aholining ommaviy nobud bo‘lishi kuzatilmoqda, xo‘jalik yuritishning barcha tizimi izdan chiqmoqda.

2020 yilda yana kamida 28 million kishi yuzaga kelgan oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq favqulodda vaziyat tufayli “o‘lim yoqasiga kelib qolgani xalqaro hamjamiyatning keyingi o‘n yilda dunyoda ocharchilikni tugatish yo‘lida erishgan yutuqlarini ham yo‘qqa chiqarmoqda. “Garchi, 38 ta mamlakatda yoki hududlarda tezkor choralar ko‘rish natijasida odamlarni o‘limdan asrab qolishga muvaffaq bo‘lingan bo‘lsa-da, ocharchilik hamon insoniyat oldida tobora chuqurlashib borayotgan muammo sifatida kun tartibidan tushmayapti”, deyiladi ma’ruzada.

Oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq mazkur muammo ayniqsa, Afrika mamlakatlarida hamon dolzarbligicha qolmoqda. 2020 yilda dunyo bo‘yicha ocharchilikka giriftor bo‘lgan odamlarning uchdan ikki qismi, ya’ni 98 million kishi aynan, Afrika qit’asida yashamoqda. Mintaqada yuz berayotgan qurolli mojarolar, siyosiy beqarorliklar, qurg‘oqchiliklar xalqaro hamjamiyatning ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordamlarini, moliyaviy qo‘llab-quvvatlashlarini ham samarasiz bir mashg‘ulot darajasiga tushirib qo‘ymoqda. Eng achinarlisi, shu vaqtgacha ocharchilik deganda barchamizning ko‘z oldimizga asosan Afrika mamlakatlari kelgan bo‘lsa, endi ushbu muammo sayyoramizning boshqa hududlarida ham kuzatila boshladi. Masalan, besh yildan buyon urush to‘xtamayotgan Yaman, Suriya davlatlarida, qurolli mojarolar boshlanganiga 30 yildan oshgan bo‘lsa ham tinch hayotga qaytolmayotgan Afg‘onistonda aholining aksariyat qismining asosiy muammosi qanday qilib kun ko‘rish masalasi bo‘lib qolmoqda. Ular safiga hozirda Gaiti ham qo‘shildi. Ushbu davlatlar o‘tgan yili ocharchilik eng kuchli xuruj qilgan davlatlar safidan joy oldi. Bangladesh, Efiopiya, Serra-Leone, Somali, Zimbabveda ham to‘yib ovqatlana olmaydigan oilalar soni tobora ortib bormoqda.

Ushbu davlatlarning ko‘pchiligi avvaldan oziq-ovqat tanqisligi, ocharchilik, iqtisodiy inqiroz, siyosiy beqarorlik, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari sharoitida kun kechirayotgan edi. Koronavirus pandemiyasi va kasallik tufayli joriy qilingan cheklovlar mavjud iqtisodiy ahvolni battar murakkablashtirib yubordi.

Ma’lumki, qurolli mojarolar har doim ocharchilikning birinchi faktorlaridan biri bo‘lib kelgan, lekin o‘tgan yili dunyo bo‘yicha COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan qiyinchiliklar, ko‘p mintaqalarda ob-havoning o‘ta noqulay kelishi bilan bog‘liq vaziyatlar ham oziq-ovqat tanqisligining yanada keskinlashuviga, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning beqarorlashuviga

sabab bo‘ldi. Koronavirus ko‘p mamlakatlarda bandlik ko‘rsatkichlarining pasayib ketishiga, maoshlar miqdorining qisqarishiga va oziq-ovqat narxlarining oshib ketishiga olib keldi. Ustiga-ustak, cheklov choralari natijasida oziq-ovqat yetkazib berishda ham uzilish kuzatilmoqda, davlat daromadlarining keskin kamayishi, siyosiy beqarorlik va mojarolar kelib chiqishi, bularning bariga pandemiyaning ham qo‘shilishi masalani yanada murakkablashtirib yubordi.

Qolaversa, karantin odamlar bir necha yildan buyon inkor etib kelayotgan muammolarni ochib tashladi. Ko‘p mamlakatlar sog‘liqni saqlash tizimining kamchiliklarini, ijtimoiy himoya borasida yo‘l qo‘yilgan xatolarini, tuzilmaviy tengsizliklarni ayon qilib qo‘ydi. Ushbu muammolarning imkon qadar tezroq hal etish esa aslo kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir. Zero, Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, ocharchilik muammosining hal etilishi dunyoda tinchlik va barqarorlikning asosi hisoblanadi.

Internet materiallari asosida Saidmurod Rahimov tayyorladi