Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oziq-ovqat xavfsizligi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojida muhim o‘rin tutadi
16:42 / 2025-04-18

So‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari, qurg‘oqchilik, yerlarning sho‘rlanishi fonida sayyoramiz aholisining kundan-kunga ko‘payib borishi sifatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojning oshishiga sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas.  Dunyoda hukm surayotgan turli geosiyosiy vaziyatlar esa oziq-ovqat mahsulotlarining logistikasida o‘ziga yarasha muammolarga sabab bo‘lmoqda.

Hap bip coha pivojini ta’minlovchi asosiy nuqta xizmat ko‘rsatishdir. Chunki qaysi jabha yo tarmoqda bo‘lmasin, ishlab chiqapilgan mahculotlar icte’molchiga tez va sifatli etkazilishi lozim.

Xo‘sh, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sohaga  rivojlangan davlatlarning tajribasini joriy etish borasida O‘zbekistonda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? 

Sohada  tatbiq  etilayotgan innovatsion loyihalar o‘z samarasini beryaptimi? 

Shu kabi savollar bilan qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari  Jamshid Abduzuhurovga murojaat qildik.

– Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini va iste’mol ratsionini yaxshilash, talab etiladigan miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ta’minlash agrar sohaning eng dolzarb masalasi, – deydi Jamshid Abduzuhurov. – Alohida qayd etishim lozimki, davlatimiz rahbari tomonidan sohaga rivojlangan davlatlarning tajribasini joriy etish, qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan mustahkam hamkorlik munosabatlaridan foydalangan holda agrohamkorlikni kuchaytirish orqali Markaziy Osiyo mintaqasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Eng avvalo chekka hududlar va qishloqlarda istiqomat qiluvchi  aholining bandligini ta’minlash orqali ularning daromadlarini oshirish, dehqonchilik madaniyatini yuksaltirish borasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan puxta o‘ylangan dasturlar asosida   qator chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Bunda agrar soha taraqqiy  etgan rivojlangan davlatlarning tajribasini o‘rganish, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan hamkorlik qilish   ahamiyatli. O‘zbekiston agrar tarmog‘ini rivojlantirish, chekka hududlarda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan grant dasturlar va xalqaro loyihalar bugun ko‘zlangan natijalarni bermoqda.

Ish unumi sifatli urug‘larni yaratishga bog‘liq. Shu bois, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti va Turkiyaning “Eastern Mediterranean Agricultural Research Institute” o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida hozirgi kunda dukkakli va moyli ekinlar urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha 150 ming AQSH dollari miqdoridagi xalqaro grant loyihasi tayyorlanmoqda. 

Shuningdek, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida 4 ta xalqaro, shundan  BMTning  Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO bilan hamkorlikda 110 million so‘mlik va UNDPPning xalqaro dasturlari doirasida jami 1,350 milliard so‘mlik 3 ta innovatsion loyiha moliyalashtirilib, hozirgi kunda amalga oshirilmoqda.

Har bir soha rivoji malakali kadrlar salohiyatiga bog‘liq.  Kezi kelganda aytib o‘tish kerak, agrar sohaga ilm-fan yutuqlari va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining  serhosil, mamlakatimiz iqlim va tuproq sharoitiga har tomonlama mos keluvchi ekinlar navlarini yaratish ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2022 yilda Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida  Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti tashkil etildi. Ushbu universitet O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti tomonidan ta’sis etiladigan to‘liq akademik va moliyaviy mustaqil bo‘lgan davlat ishtirokidagi  oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Ayni paytda universitetda aqlli qishloq xo‘jaligi, agronomiya, biotexnologiya, agroiqtisodiyot, agrologistika, oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ICARDA tashkilotining 450 million so‘mlik va UNDPPning xalqaro dasturlari doirasida 2 ta 1 milliard so‘mlik, shuningdek, Xalqaro kartoshkachilik markazi (CIP) bilan 1 ta 600 million so‘mlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti esa Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan BMT Taraqqiyot dasturining Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish”ning umumiy qiymati 450 million so‘mlik loyihasini amalga oshirmoqda.  Loyihaga ko‘ra, Toshkent viloyati sharoitida tokning payvandtag va payvandustlarini in-vitro sharoitida ko‘paytirish va ko‘chat yetishtirish texnologiyasini joriy etish ishlari amalga oshiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA