Poytaxtimizda Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda ASK Facility –Yevropa Ittifoqi Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 dekabrdagi tegishli qarori ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida tashkil etilgan.
Markaz taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirni qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Maqsud Ro‘zmetov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi elchisi Sharlotta Adrian va Yevropa Ittifoqining ASK Facility loyihasi rahbari Adrian Nil ochib berdi. Taqdimotda 200 ga yaqin mehmonlar, ya’ni xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Maqsud Ro‘zmetov markazni tashkil etishning maqsad va vazifalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
– Markaz ko‘p tarmoqli qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat strategik tahlil markazi sifatida tashkil etilib, sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yanada samarali siyosat, dasturlar va xizmatlarni ishlab chiqish, fermer xo‘jaliklari va agrobiznesni rivojlantirish, shuningdek, ichki bozorlarda va xalqaro miqyosda raqobatbardoshlikni oshirishga ko‘mak berish uchun mo‘ljallangan, – dedi vazir o‘rinbosari.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian YeI hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining bugungi va kelgusi hamkorlik aloqalari haqida so‘z yuritdi hamda yangi markaz agrar sektorni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishining ushbu sohaga ta’sirini baholash kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib borishi muhim ekanini ta’kidlab o‘tdi.
– Markaz hozirda xalqaro moliya institutlari tomonidan taqdim etilgan kredit mablag‘lari va loyihalarni boshqarish mas’uliyatini ham o‘z zimmasiga oladi, – dedi markaz direktori, qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov. – Ushbu funksiyalarni birlashtirishdan maqsad loyihalarning uzviyligi, izchil va mantiqan aloqadorligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi strategiyasini qo‘llab-quvvatlashni bosqichma-bosqich yaxshilash, yanada sifatli ma’lumotlar, tadqiqot va tahlillar asosida ularning samaradorligi hamda umumiy ta’sirini oshirishdan iborat.
ASK Facility rahbari Adrian Nil markazning O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishdagi o‘rni va istiqbolli rejalari to‘g‘risida fikr bildirdi.
Tadbir doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ASK Facility dasturi texnik ko‘magi ostida nashr etilgan “Maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti” qo‘llanmasi va “O‘zbekistonda agrar oziq-ovqat sektori 2021/2022” hisobotining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Hisobot nashri markaz va ASK Facility mutaxassislari hamkorligida vazirlik tomonidan qo‘shma tashabbus sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligida oziq-ovqat sektorining joriy holati va istiqboliga oid aniq jadvallar va xulosalardan iborat keng mavzularni qamrab olgan.
“Maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti” qo‘llanmasi esa fermer xo‘jaliklarini boshqarish amaliyotini takomillashtirish maqsadida, eng avvalo murabbiy va maslahatchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarda yo‘l-yo‘riq hamda ko‘makchi hisoblanadi.
O‘zA