Ma’lumki, agrar va suv xo‘jaligi tarmog‘i oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorlarimiz va dasturxonlarimiz to‘kinligida muhim hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda mazkur yo‘nalish rivojiga ustuvor ahamiyat qaratib kelinadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi hamkorligida “Oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi sohasida belgilangan strategik maqsadlar samaradorligini oshirish masalalari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Unda markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar keng muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi faoliyatida xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada taraqqiy ettirish, dehqon va fermer xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, hududlarda yangi loyihalarning moliyalashtirilishiga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Bundan tashqari, oziq-ovqat taqchilligining oldini olish, yetishtirilayotgan mahsulotlarning sifat darajasini nazorat qilish muhim vazifa sifatida belgilangan.

Markaz tomonidan olib borilayotgan loyihalar doirasida 2 mlrd. dollar miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, shundan o‘zlashtirilgan mablag‘ 1 mlrd. 400 mln. dollarni tashkil etgan. Bu mablag‘lar oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasini institutsional tahlil qilishni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi sohalariga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi urug‘ navlarini yaratish kabi yo‘nalishlarga sarflangan. Ushbu mablag‘lar hisobiga 7,5 mingdan ortiq loyihalar moliyalashtirilib, natijada 58 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Shuningdek, sohadagi ilmiy tekshirish institutlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 115 mln. dollar mablag‘ ajratilgan.
M.Komilova, O‘zA