English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oziq-ovqat standarti hayot uchun juda muhim
17:18 / 2023-06-07

7 iyun – Jahon oziq-ovqat xavfsizligi kuni bu yil oziq-ovqat standartiga bag‘ishlandi.

Statistikaga ko‘ra, sayyoramizdagi har o‘n kishidan biri oziq-ovqat bilan bog‘liq kasallikdan aziyat chekadi. Binobarin, oziq-ovqat standarti inson iste’mol qilayotgan yegulik xavfsizligini ta’minlaydi.

Dunyoga xavfsiz oziq-ovqat kerak, deydi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) mutaxassisi Markus Lipp.

Bu yil Jahon oziq-ovqat xavfsizligi kuni “Oziq-ovqat xavfsizligi – barchamizning ishimiz!” shiori ostida o‘tyapti. 

“Barcha” deganda biz, haqiqatan, har bir insonni, ya’ni oziq-ovqat mahsulotini yetishtirish, yig‘ish, tashish, qayta ishlash, qadoqlash va tayyorlash bilan shug‘ullanadiganlarni, shuningdek, iste’molchi sifatida o‘zimizni ham tushunamiz.
Oziq-ovqat tizimi hamma uchun birdek zarur xavfsiz va to‘yimli ozuqa ishlab chiqarilishi ta’minlanadigan nazorat, demak. Inson uchun oziq-ovqat havo va suvdan keyin uchinchi eng muhim va asosiy ehtiyoj. Yer yuzidagi har bir inson xavfsiz ovqatlanishga muhtoj. Shunday ekan, har birimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissamizni qo‘shishimiz kerak. Oziq-ovqat xavfsizligi – suv, qishloq xo‘jaligi va aholi salomatligi kesishadigan soha. Shu sababli FAO va JSST tomonidan bundan uch yil avval BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ta’sis etilgan Jahon oziq-ovqat xavfsizligi kuni nishonlab kelinadi. Shundan beri dunyo bo‘ylab minglab odamlar, tashkilotlar oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmagan joyda ochlik davom etishini anglagan holda, tashabbusni qo‘lga olishdi. Oziq-ovqat xavfsiz bo‘lmagan joyda, odam, ayniqsa, bolalar hech qachon to‘liq rivojlana, salohiyatini namoyon eta olmaydi. Qolaversa, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmagan joyda fermerlar, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotini xalqaro bozorga chiqara olmaydi. Oziq-ovqat madaniyat va jamiyatning bir qismi bo‘lib, hayotimizning, deyarli, barcha sohalarida faol ishtirok etadi. Biz yaqinlarimizni ularning o‘sishiga yordam berish uchun ovqatlantiramiz, ovqat berganda biz o‘z mehrimizni ifodalashga harakat qilamiz. “Ovqat – hayot, ovqat – sevgi tili” deya bejiz aytilmagan. Shunday ekan, oziq-ovqat xavfsizligi hamma uchun o‘ta muhim masala. 

Xavfsiz sog‘lom kelajak qurish uchun biz iste’mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi inson salomatligi va farovonligi uchun muhim, deydi JSST Oziq-ovqat bo‘yicha ko‘p tarmoqli faoliyati rahbari Luz Mariya De Regil. Zero, bu sog‘lom turmush tarzi, sog‘lom iqtisodiyot, sog‘lom sayyora va sog‘lom kelajak sarmoyasidir.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, sog‘liqni saqlash tizimidagi oziq-ovqat orqali yuqadigan kasalliklar bilan bog‘liq yukning ko‘lami bezgak yoki OITSdagidan kam emas. Bu yil Jahon oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi kuni COVID-19 pandemiyasi tufayli, asosan, onlayn tarzda o‘tkazilmoqda. Hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati vakillari hamkorligida tashkil etilgan yuzlab tadbirlar, aholining ijtimoiy tarmoqdagi yuqori faolligi mazkur masala o‘ta jiddiy ijtimoiy muammo ekanini ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, har bir kishi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynashi kerak. Zero, odamlar, hayvonlar va atrof-muhit salomatligi bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligini aslo unutmaylik.

S.Rahimov, O‘zA