Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashda kichik hajmli sovutkichlarning o‘rni muhim ahamiyatga ega
16:29 / 2024-02-01

Qaror va ijro

Mamlakatimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini aholiga yetkazib berishda ularni saqlash dolzarb hisoblanadi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashga bo‘lgan talabni qondirish, aholini yil bo‘yi arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda tashabbuskorlarga berilgan imkoniyatlar xususida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i Elmurod Mamarahimovning fikrlariga qiziqdik. 

– Ma’lumki, oziq-ovqatlarni saqlashning eng samarali usuli, bu sun’iy sovutiladigan omborxonalardir. Chunki bunda saqlanayotgan mahsulotning vazni yo‘qolishi maksimal asrab qolinadi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari oddiy omborlarda saqlansa vazn yo‘qotishi ikki-uch baravargacha, sun’iy sovutiladigan omborlarda saqlanganda esa mahsulotning tabiiy kamayishi bir foizdan oshmaydi. 

Meva-sabzavotlar terilgandan keyin ularni tashish va saqlashda muqobil sharoit yaratish uchun dastlab haroratni tezlik bilan pasaytirish talab qilinadi. Bunda sovutilgan havo, vakuum-bug‘latgich yoki sovuq suv vositasida haroratni pasaytirish usullari qo‘llaniladi. Eng ko‘p tarqalgani – sovuq havo yordamida bajariladi. 

Meva-sabzavotlar terilgach, qancha tez harorati pasaytirilsa, uning sovuq sharoitda saqlanish muddati uzayib, sifati yuqori bo‘ladi. Bu mahsulot buzilishini sekinlashtirib, saqlanish muddatini uzaytiradi. Natijada iste’molchilarning turli talablarini qondirish va bozorda yaxshi narxlarda sotilishiga sabab bo‘ladi. 

Ko‘pgina tashabbuskorlarning kichik hajmli sovutgichlarni qurishda mablag‘i yetishmasligi mumkin. Ammo ularga imtiyozli kreditlar berish orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari yaratilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 aprelda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Qarorning tegishli bandiga ko‘ra, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fermer va dehqon xo‘jaliklari asosiy maydonlari va dala chetlarida, aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash borasida 20-50 tonnalik kichik hajmli sovutkichlar barpo etish uchun 50 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi. 

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada kredit ajratmoqda. Bunda kredit summasining 60 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida o‘rnatiladigan sovitkichli omborxonalar olinishi, 40 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida ularning qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi olinishi belgilanadi. 

Mahalliy hokimliklar bilan hamkorligida hududlardan kichik hajmli sovutkichlar qurishga bo‘lgan dastlabki talab o‘rganilganda, joriy yilda 850 ta mahalla fuqarolar yig‘ining har birida bittadan kichik sig‘imli sovutkichlar qurish istagini bildirgan 850 ta loyiha tashabbuskorlari aniqlangan. Ushbu ro‘yxatga ko‘ra, viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlangan manzilli dastur shakllantirildi. 

Marhabo MADAMINOVA, O‘zA