Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oziq-ovqat mahsulotlari taʼminotida uzilish boʻlmaydi
11:04 / 2020-10-19

Unda viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari mutasaddilari, huquqni muhofaza qilish idoralari, soliq va bank muassasalari rahbarlari, bozorlar, savdo va xizmat koʻrsatish majmualari, taʼminot korxonalari boshliqlari, tadbirkorlar qatnashdi.


Buxoro viloyati hokimligida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokurori Nigʻmatilla Yoʻldoshev ishtirokida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish, ayniqsa, qish va bahorgi mavsum uchun zarur zaxiralarni hozirlash masalasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari mutasaddilari, huquqni muhofaza qilish idoralari, soliq va bank muassasalari rahbarlari, bozorlar, savdo va xizmat koʻrsatish majmualari, taʼminot korxonalari boshliqlari, tadbirkorlar qatnashdi.

Ayni paytda qariyb 2 million nafarga yetgan viloyat aholisining kundalik talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda 2020-2021-yilgi qish va bahor mavsumi uchun 51 ming tonna kartoshka, 8 ming tonna piyoz, 18,6 ming tonna sabzi, 9,3 ming tonna guruch, 10 ming tonna shakar, 9,3 ming tonna oʻsimlik yogʻi, 27,9 ming tonna qoramol va qoʻy goʻshti, 14 ming tonna parranda goʻshti, 7 ming tonna baliq, shuningdek, 201 million 330 ming dona tuxum, 74,9 ming tonna un zaxira qilish koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratishda aholi soni bilan bir qatorda chet elga qatnab ishlayotgan mehnat migrantlari, hududda istiqomat qilayotgan kam taʼminlangan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar, ayniqsa, mahallalar “Temir daftari”ga kiritilgan fuqarolar manfaatlari va turmush sharoitidan kelib chiqish zarurligi uqtirildi. Mahalla va qishloqlarda arzonlashtirilgan narxlarda oziq-ovqat yarmarkalarini muntazam tashkillashtirish, nochor va pandemiya sharoitida ogʻir ahvolga tushib qolgan oilalar holidan xabar olish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda viloyatda un zahirasi yaratilgan. “Buxorodonmahsulotlari”, “Qorakoʻldonmahsulotlari”, “Kogondonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatlari bilan birga, oʻz yorligʻiga ega boʻlgan yigirmaga yaqin korxona bugʻdoyni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan. Ayni paytda ularda qadoqlanayotgan mahsulot ichki bozor bilan birga qoʻshni respublikalarga eksport qilinayotgani eʼtirof etildi. Muhokamada xuddi shunday, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchi tadbirkorlik subyektlarini tijorat banklarining imtiyozli kredit mablagʻi va subsidiyalari bilan qoʻllab-quvvatlash zarurligiga eʼtibor qaratildi. Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasining bu boradagi imkoniyati oʻrganildi.

Yigʻilishda zaxira qilinadigan har bir mahsulot taʼminoti yuzasidan tegishli tashkilot, idora va korxonalar mutasaddilari masʼul sifatida biriktirildi. Oʻz navbatida tizimli kuzatuv va nazorat ishlarini olib borish lozimligi uqtirildi. Shahar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan markaziy dehqon bozorlarida, qolaversa, yirik savdo majmualarida mahsulotlarni yetarli darajada jamgʻarish va aholiga real narxlarda sotilishini taʼminlash borasida muntazam oʻrganishlar olib borish talabi qoʻyildi.

Bozor, savdo va xizmat koʻrsatuvchi majmualar egalari, tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. Soha mutasaddilari yigʻilishda belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi.