Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oziq-ovqat importini rasmiylashtirish, sifati va xavfsizligini nazorat qilishda jiddiy kamchiliklar mavjud
18:11 / 2020-12-10

2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida bug‘doy importi 1,2 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28 foizga oshgan. Oziq-ovqat mahsulotlari asosan Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Malayziya va Ukraina davlatlaridan olib kirilgan.

Oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi korxonalar soni 1 ming 601 tani tashkil etib, iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan 190 million dollar, hudud korxonalari tomonidan esa 975 million dollar qiymatidagi mahsulotlar import qilingan.

Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida bo‘lib o‘tgan majlisida mutaxassislar tomonidan shu haqda ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, oziq-ovqat tovarlari importi tarkibida kundalik iste’mol mahsulotlari 2,8 million tonnani tashkil etib, 12 foizga yoki o‘tgan yilga nisbatan 296 ming tonnaga oshgan. Go‘sht mahsulotlari 2 barobarga yoki 19 ming tonnaga ortgan.

Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi masalalari bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” va rejalar ishlab chiqilgan va ularning ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilgan. Tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyat ko‘rsatishi va ular o‘rtasidagi sog‘lom raqobat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish asosida kontrabanda tovarlarini chetdan keltirish va sotish, sifatsiz hamda odamlar hayoti, salomatligi, atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan mahsulotlarni olib kirishning oldini olish borasida qator ishlar amalga oshirilgan.

Olib borilayotgan amaliy ishlarga qaramasdan, mazkur yo‘nalishda ayrim muammolar ham saqlanib qolmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligiga doir hamda chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, tashish va realizatsiya qilishda belgilangan norma va qoidalarni buzganligi sababli o‘tgan yilda tegishli tashkilotlar tomonidan qariyb 2,5 ming nafar shaxs javobgarlikka tortilgan.

Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan kirib kelishini nazorat qilish lozim darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida Toshkent shahri bozorlariga 20 xil sifatsiz, yorliqlanishida nomuvofiqliklar mavjud bo‘lgan hamda yaroqlilik muddatlari ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlari import qilingan.

Qolaversa, oziq-ovqat qo‘shimchalari importini rasmiylashtirishga oid aniq tartib-taomillar belgilanmaganligi sababli ularning sifati va xavfsizligi yetarlicha nazorat qilinmayapti. Mamlakat hududida katta hajmli va og‘ir vaznli yuklarni avtomobil transportida tashishga imkon beruvchi maxsus ruxsatnoma tegishliligi bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan elektron shaklda berilishi yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida tadbirkorlik sub’ektlari qiyinchiliklarga uchramoqda. Shu bilan birga, avtotransport vositalari uzoq muddat bojxona posti hududida ushlanib qolmoqda.

Ko‘plab mamlakatlar oziq-ovqat eksportini cheklayotgan bir paytda O‘zbekistonda mahalliy mahsulotlarni qo‘shni davlatlarga eksport qilish borasida katta ishlar amalga oshirilyapti. Ammo mutaxassislar ishtirokida joylarda olib borilgan o‘rganishlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, chegara postlarda juda katta muammolar bor. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi xududiga olib kiriladigan mahsulotlar ro‘yxatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ekti tomonidan keltirilgan mahsulotga muvofiqlik sertifikati berish, norma va qoidalarga mos kelmaydigan oziq-ovqat mahsulotlarini zararsizlantirish va utilazitsiya qilish ishlari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmagan. Mavjud muammolar bartaraf etilmasligi dehqonlar va tadbirkorlarning jiddiy zarar ko‘rishiga sabab bo‘ladi.

Yig‘ilishda respublikamizda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlovchi vazirlik va idoralar tasarrufidagi sinov laboratoriyalarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, ularning xalqaro metodikalar asosida ish olib borishi hamda axborot ayriboshlash, malaka oshirish va aloqa o‘rnatish mexanizmini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA