English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oziq-ovqat dasturi ijrosida banklarning o‘rni
16:52 / 2014-08-22

O‘zbekistonning agrar sektorida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida mahsulot yetishtirish va uni qayta ishlashni modernizatsiyalash, tayyor mahsulotni eksport qilish hajmi muttasil ortmoqda.

O‘zbekistonning agrar sektorida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida mahsulot yetishtirish va uni qayta ishlashni modernizatsiyalash, tayyor mahsulotni eksport qilish hajmi muttasil ortmoqda. Ayrim davlatlarda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash muammoga aylanib borayotgan bir paytda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi yiliga o‘rtacha 6 foiz o‘smoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan mamlakatimizda oziq-ovqat dasturining amalga oshirilishida banklarning ishtiroki mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular xususida so‘z bordi.

Mamlakatimizda har yili 16 million tonnaga yaqin meva-sabzavot yetishtirilmoqda. 180 turdan ortiq meva-sabzavot va qayta ishlangan mahsulotlar 80 dan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda. So‘nggi uch yilda xorijga sotilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi 3 barobar oshdi. Ushbu ko‘rsatkichlarga erishishda bank kreditlarining ulushi salmoqli bo‘lmoqda. 2013-yilda tijorat banklari meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksportini qo‘llab-quvvatlashga salkam 365 milliard so‘m kredit ajratgani buning yorqin dalilidir. 

Prezidentimiz Islom Karimovning 2009-yil 26-yanvardagi “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to‘ldirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tijorat banklarining oziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

– Joriy yilning o‘tgan yetti oyi mobaynida tijorat banklari oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va ichki bozorni to‘ldirish maqsadida 971,8 milliard so‘m yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 barobar ko‘p kredit mablag‘lari yo‘naltirdi, – deydi Markaziy bankning tijorat banklarining investitsiya portfellarini monitoring qilish departamenti direktori A.Qosimov. – Mazkur mablag‘larning 171,9 milliard so‘mi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan texnologik uskunalarni xarid qilish, 775,4 milliard so‘mi xomashyo va materiallar sotib olish, 24,5 milliard so‘mi fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar va boshqa tadbirkorlik subyektlariga issiqxonalar barpo etish, tomchilatib sug‘orish tizimini xarid qilish uchun ko‘zda tutilgan loyihalarni moliyalashga yo‘naltirildi. 

Matbuot anjumanida kredit mablag‘lari ishlab chiqarish obyektlarini qurish, zamonaviy texnologik liniyalar xarid qilishga yo‘naltirilishi chekka hududlarda ham oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradigan tadbirkorlik tuzilmalarining ko‘payishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Zamonaviy agrotexnologiyalarni jalb etish, sabzavotchilikda mahsuldorlikni oshirish, logistika tizimlarini takomillashtirishga oid minglab loyihalar moliyalashtirilmoqda. Natijada ilgari import hisobiga ta’minlangan ayrim mahsulotlar mahalliy sharoitlarda ishlab chiqarilmoqda. Chorva mollari xarid qilish uchun yo‘naltirilgan imtiyozli kreditlar tufayli eng chekka hududlarda parrandachilik, baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etilmoqda.

Tijorat banklari oziq-ovqat sanoati korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini oshirish choralarini ko‘rmoqda. Misol uchun, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan foiz stavkasi bo‘yicha belgilangan tartibda kreditlar berish va lizing xizmatlari ko‘rsatish uchun bank kredit portfelining kamida 20 foizi miqdorida maxsus liniyalar ochilmoqda. Eksport operatsiyalari bo‘yicha amalga oshiriladigan xizmatlarning cheklangan muddati 60 kundan 90 kunga uzaytirilishi eksport operatsiyalari xizmatlarini amalga oshirish hajmini kengaytirdi. Mikrofirmalar va kichik korxonalar o‘zi ishlab chiqargan tovar (ish, xizmat)larni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining 50 foizini majburiy sotishdan ozod etilgan.

Anjumanda bank tizimining oziq-ovqat dasturi ijrosini ta’minlashdagi faol ishtirokini yanada kengaytirish, kredit olish tartibi, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash kabi qator mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.