Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ommaviy tadbirlarda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash masalalari yuzasidan soha mutaxassislari va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar hodimlari uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar “EU CBRN CoE Project 87” xalqaro loyihasi doirasida Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Yevropa Ittifoqi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda xalqaro loyihaning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha eksperti Jaski Gibney, Germaniyaning GIZ xalqaro tashkiloti eksperti Ian Leych, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori X.Yunusov, Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy xodimlar kasbiy malakasini rivojlantirish markazi gigiyena kafedrasi professori Anatoliy Xudoyberganov va boshqalar mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.



Qayd etilishicha, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari 200 ga yaqin kasalliklarga, jumladan, saratonga ham olib kelishi mumkin. Ayniqsa, bugun dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligi global masalalardan biriga aylanayotgan bir paytda mahsulotlarini tayyorlash va iste’molchilarga yetkazib berishda soha mutaxassislaridan juda katta mas’uliyat talab etiladi. Shu nuqtai nazardan mazkur seminar yurtimizda shu sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning ommaviy tadbirlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilishning zamonaviy usullari bo‘yicha treninglar o‘tkazish, ishlab chiqarish korxonalarida sanitariya va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishning samarali usullarini ishlab chiqish va keng ommalashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
G‘.HASANOV,
O‘zA