Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zini o‘zi davolash – bu xavfli
14:17 / 2022-12-29

Ayoz bobo qilichini yalong‘ochlab kelishi bilan turli kasalliklar avj oladi. Ayniqsa, “gripp” virusi urchigandan urchiydi. Kimdir tumov, kimdir tomoq og‘riq, yana kimdir isitmalagan, quruq yo‘tal va hoqazo. Ana shunday paytda ko‘pchilik, deyarli 90 foiz aholi shifokorga murojaat qilish o‘rniga, dorixonalarga yuguradi. Turli xil dori-darmonlarni nazoratsiz qabul qilib, o‘zini o‘zi davolashga o‘tadi.

O‘zini o‘zi davolash har doim ham ijobiy samara beravermaydi. Aksincha bir qator salbiy asoratlarga olib kelishi ham mumkin.  

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori Toxir Musoyev bilan suhbatimiz shu haqida bo‘ldi.  

– O‘zini o‘zi davolashning asosiy xavfi nimada?  

– Shifokor sifatida men darhol ogohlantirmoqchiman: “Siz o‘zingizni davolay olmaysiz”. To‘g‘ri, odamda yengil bezovtalik bo‘lgan holatlarda “Asetilsalitsil kislotasi” yoki “Paratsetamol” kabi og‘riq qoldiruvchi vositalar simptomlarni bartaraf etishga hamda ish, mashg‘ulotlar va hayot sifatini pasaytirmasdan tezda tiklanishiga yordam beradi. Ammo, bu hamma hollarda ham emas. Gap shundaki, bosh og‘rig‘i va holsizlik simptomlari ostida arterial gipertenziya, anemiya, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar, gripp va boshqa ko‘plab kasalliklar yashiringan bo‘lishi mumkin. Qabul qilingan “Asetilsalitsil kislotasi” tabletkalari simptomlarni “niqoblashi” va insonni  og‘ir asoratlargacha olib kelishi mumkin.  

Nima uchun aholi shifokorga borishni istamaydi, buning omil va sabablari nimada deb o‘ylaysiz?  

– Poliklinikada shifokorga uchrashish uchun siz qabulxonada biroz vaqt navbatda turishingiz, keyin laborator tahlillar topshirishingiz kerak, bularning barchasi uchun sizdan sabr-toqat va birozgina vaqt talab etiladi. Tabiiyki, bu sizga yoqmaydi. Shu sababdan, bemorga dorixonaga borish, farmatsevtdan maslahat so‘rash, kerakli dori-darmonlarni olish va davolanishni o‘zi boshlash “osonroq” bo‘lib tuyuladi. Odatda shifokorga allaqachon holsizlangan va sog‘lig‘ini yo‘qotgan bemorlar murojaat qilishadi. Shunisi achinarliki, yosh bolalarda mavsumiy o‘tkir respirator infeksiyalar avj olganda, ota-onalar tomonidan turli xil tana haroratini tushiruvchi va yallig‘lanishga qarshi dori vositalarini shifokor maslahatisiz pala-partish ishlatish natijasida qator asoratlar kuzatilmoqda. Asoratlardan eng og‘iri o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘lib, bemor bolani sun’iy buyrak (gemodializ) apparatiga ulash holatlari ko‘paymoqda.  

Bunday vaziyatning qator sabablari mavjud: birinchidan, vaqt, kuch va asablar tejaladi. Ikkinchidan, dori-darmonlarni reklama qilish juda kuchayib ketgan bo‘lib, ular umuman reklama qilinmasligi va faqat shifokor tomonidan belgilanishi kerak. Ya’ni, shifokorlarning ba’zi vazifalarini televideniye, internet va ommaviy axborot vositalari o‘z zimmalariga olgan.  

Muhimi, o‘zini o‘zi davolash, insoniyat davolovchi omillar haqida bilib, ulardan qanday foydalanishni o‘rgangan davridan buyon mavjud. Biroq, shu kunlarda dori-darmonlarni pala-partish, nazoratsiz iste’mol qilib, o‘zini o‘zi davolash favqulotda jiddiy holatlarga sabab bo‘layotgani ham bor gap. Bu  juda tashvishlanarlidir.  

– Darhaqiqat, keng reklama qilinayotgan dorilar odamlarning o‘zini o‘zi davolashga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Mutaxassis bilan maslahatlashmasdan har qanday taniqli dori-darmonlarni qabul qilish mumkinmi?  

– Masalan, AQSHda “Asetilsalitsil kislotasi” aholining deyarli uchdan ikki qismi tomonidan qabul qilinadi va bu dori vositasi dorixonalarda retseptsiz sotiladi. Biroq, “Asetilsalitsil kislotasi” dan nazoratsiz foydalanish oshqozon yara kasalligini qo‘zishiga, yaradan qon ketishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun har qanday dori vositasini nazoratsiz ishlatish sog‘liq uchun salbiy oqibatlarga olib keladi. Agar dori vositasidan muntazam foydalanish zaruriyati tug‘ilsa, albatta, shifokor bilan maslahatlashish kerak.  

– Shifokor tavsiyasisiz antibiotiklarni qabul qilsangiz, qanday xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin?  

– Ta’kidlash lozimki, ko‘pgina kasalliklarda kasallikni avj olishini oldini olish hamda keyingi asoratlar keltirib chiqarmaslik uchun antibakterial preparatlarni qabul qilish juda zarur. Ammo, faqatgina shifokor tavsiyasi bilan. Agar inson antibakterial dorilarni o‘zi qabul qilsa, noto‘g‘ri tayinlash va noto‘g‘ri tanlangan dozalarda ishlatsa, mikrobiotsenoz buzilishiga, uning immuniteti susayishiga olib kelishi mumkin. Va u o‘z salomatligiga “sekin ta’sir etuvchi bomba”ni  joylashtirganini bilmaydi. Albatta, antibiotiklardan foydalangandan so‘ng, odam “tuzalib ketganday” his qiladi. Lekin bir oy yoki undan kamroq vaqt ichida inson yana kasallikka chalinishi mumkin. Bir oy o‘tgach, kasallik yana qaytalanadi va hokazo. Ya’ni, yil davomida o‘tkir respiratorli infeksiyalar, bronxit, tomoq og‘rig‘i takrorlanishi mumkin. Bu antibiotiklardan takroriy foydalanishga olib keladi. Bu immunitetning pasayishini anglatadi va bu takrorlanaveradi. Holbuki, antibiotiklardan foydalanishdan keyingi zamburuq infeksiyasi, allergiya rivojlanishi, dorili gastrit, toksik gepatit, qon hosil bo‘lishidagi buzilishlar, kolitlarni eslash joizdir. Asta-sekin infeksiya antibiotiklarga o‘rganib qoladi va antibiotiklarga chidamli infeksiya shtammlari rivojlanishi mumkin. Allaqachon dunyoda barcha antibiotiklarga chidamli infeksiyalar holatlari qayd etilmoqda. Arifmetik progressiyada o‘ta chidamli infeksiya butun dunyo bo‘ylab tarqaladigan kun uzoq emas. Shunday qilib, faqat shifokor tavsiyasidan keyingina antibiotiklar kursini boshlash kerak.  

O‘zini o‘zi davolash bu xavfli. Albatta shifokorga murojaat qiling.  

 

O‘zA muxbiri Zarif Komilov suhbatlashdi