Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik maoshlari 35 foizga oshiriladi
19:37 / 2021-10-21

Bu haqda O‘zbekiston respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.

Ma’lumki, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari jamiyatimizdagi ko‘plab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy, hayotimiz uchun zarur bo‘lgan barcha jarayonlarda faol ishtirok etuvchi, turli muammolar bilan shug‘ullanuvchi katta ijtimoiy institutdir. 

Ammo ushbu fidoyi soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib ish sharoitlarini yaratib berishda bugungi kunga qadar amalda bo‘lgan mavjud tizimni yanada takomillashtirish, mahalla xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning aniq mezonlarini belgilab olishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining joriy yil 18 oktyabrdagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni mavjud muammolarga yetarli yechim topish asnosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xususan hududidagi xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan mahalla tizimi xodimlariga qator imtiyoz va qulayliklar yaratadi.

Taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizdagi mavjud 9 ming 255 ta fuqarolar yig‘inlarining 1 ming 500 dan ortig‘ida mingta va undan ortiq xonadonlar mavjud.

2021 yil 1 noyabrdan boshlab soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uni moliyalashtirish, ularga buxgalteriya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha quyidagi muhim o‘zgarishlar amalga oshiriladi. 

Jumladan, hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlari 35 foizga oshiriladi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Mazkur Jamg‘armani tashkil etishdan asosiy maqsad fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlariga rag‘batlantiruvchi ustama, mukofot mablag‘lari berish, shuningdek, ularga nisbatan turli ko‘rinishdagi ijtimoiy himoyalash choralarini qo‘llashdan iborat.

Jamg‘armada yillik 190 milliard so‘m jamg‘ariladi hamda har bir fuqarolar yig‘ini xodimlari yiliga o‘rta hisoba 21 million so‘m miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantirilib boriladi.

Shuningdek, barcha mahalla fuqarolar yig‘inlariga zarur kanselyariya tovarlari xaridi uchun joriy yilning o‘zida 9,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. 2022 yildan boshlab esa ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘lar Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA