English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliq miqdori oshirildi
15:39 / 2026-02-09

So‘nggi yillarda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni keskin oshib bormoqda. Ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kelgusida pensiya ta’minotini kafolatlash maqsadida qonunchilikka muhim o‘zgartishlar kiritildi.

Xususan, ijtimoiy soliq miqdori qayta ko‘rib chiqilib, tadbirkorlar faoliyatiga oid ayrim cheklovlar aniq muddatlar bilan belgilandi. Bu Prezidentimizning 2026 yil 5 fevralda imzolagan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda nazarda tutilgan.  

Qonunga muvofiq, 2020 yil 20 oktyabrda qabul qilingan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning 36-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq miqdori qayta belgilandi.

Yangi tartibga ko‘ra, avval oyiga BHMning 50 foizidan kam bo‘lmasligi, endi oyiga BHMning kamida 1 baravari, ya’ni hozirgi hisobda 412 ming so‘m belgilandi. Muhim jihati, mazkur ijtimoiy soliqni to‘lash majburiy emas, balki ixtiyoriy hisoblanadi. Ushbu to‘lovni amalga oshirgan fuqarolarning ish faoliyati davri pensiya stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Qonunning 36-moddasiga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ishlagan vaqtidan qat’i nazar ijtimoiy soliq to‘lash huquqiga ega. Ushbu mablag‘lar to‘liq Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Mazkur to‘lovlar asosida yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda pensiya hisoblanadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 1 iyul holatiga O‘zbekistonda 5,5 million nafardan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro ro‘yxatga olingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 56 foizga (2 million nafarga) oshgan.

Shuningdek, Prezidentning 2025 yil 19 martda imzolangan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga qaratilgan qaroriga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati qayta ko‘rib chiqildi. Agar avval ushbu ro‘yxatda 104 ta faoliyat turi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yil 1 yanvardan boshlab ular 72 taga qisqartirildi.  

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, bundan ko‘zlangan maqsad soliq tushumlarini oshirish emas, balki tadbirkorlar uchun teng shart-sharoit va sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisoblanadi.

Qonunchilikdagi yana bir yangilikka ko‘ra, sudlar davlat organlari arizasi asosida tadbirkorlik faoliyati uchun berilgan litsenziya yoki ruxsatnomalarni faqat 6 oygacha muddatga to‘xtatib turishi mumkin.

Bunda litsenziya va ruxsatnomalarni muddatsiz yoki cheklanmagan vaqtga to‘xtatib qo‘yish amaliyotiga chek qo‘yildi. O‘zini o‘zi band qilganlar pensiya stajini shakllantirish uchun oyiga 412 ming so‘m ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lashi mumkin.

Tadbirkorlik litsenziyalari endilikda cheksiz muddatga emas, qonun bilan belgilangan aniq muddatga to‘xtatib turiladi.

Mazkur normalar fuqarolar va tadbirkorlarning ijtimoiy hamda huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA