Mamlakatimiz bo‘ylab “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Joriy yil 1-martda boshlangan mazkur tadbir doirasida Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamentining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Prokuratura xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahar Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aldov yo‘li bilan 30 ming AQSH dollar talab qilgan shaxs qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, 1974-yilda tug‘ilgan fermer xo‘jaligi ishchisi muammosi bor insonlarga o‘zini “organ xodimiman” deb tanishtirgan holda ularni aldab, chuv tushurib kelgan.
1985-yilda tug‘ilgan fuqaro jinoyat ishini ijobiy hal qilib beradigan odam topilganidan mamnun bo‘lib, qolaversa, o‘zini “DXX xodimi” deb tanishtirgan shaxsga ishonadi. Bundan foydalangan “uddaburon” bu fuqarodan 30 ming AQSH dollari talab qiladi.
Kelishilgan kunda u Toshkent shahar Sergeli tumanida joylashgan kafelarning birida aytilgan puldan avvaliga 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtda esa tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
IIV axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksi 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28 orqali 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
N.Abduraimova,
O‘zA