Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zimizniki” aksiyasiga start berildi
11:04 / 2025-10-08

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi tomonidan Navoiy davlat universiteti qoshidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida “O‘zlikka sayohat muzeydan boshlanadi” shiori ostida “O‘zimizniki” aksiyasiga start berildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga aksiyaning mazmun-mohiyati, tashkil etish va o‘tkazish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Ushbu aksiyani tashkil etishdan maqsad mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish, yurtdoshlarimizning muzeylarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, milliy qadriyatlarimiz va tarixiy merosimizni keng targ‘ib etish, shuningdek, aholining, ayniqsa, yoshlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir, – deydi partiya viloyat Kengashi bosh mutaxassisi Xurshid Toshev. – Aksiyada ishtirok etishni istagan har bir ishtirokchi viloyatimizdagi muzeylarda saqlanayotgan, aholiga deyarli ma’lum bo‘lmagan noyob eksponatlar haqida videolavha tayyorlab, taqdim etishi lozim. 

Muzey rahbari Xurshid Qurbonov ishtirokchilarga muzeyda saqlanayotgan noyob eksponatlar haqida ma’lumot berish jarayonida ularning bugungi kunda tutgan o‘rni va ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. 

– Muzeyimizda saqlanayotgan har bir eksponat tariximizning kechagi kuni haqida so‘zlaydi, – deydi X.Qurbonov. – Birgina jadid bobolarimiz uchun ajratilgan burchakni olaylik. O‘tgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz “jadidchilik” ya’ni, yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-ma’rifat va milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz.

Bu ulug‘ zotlarning maqsadi jaholat va qoloqlik girdobida qolib kelayotgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilg‘or kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yo‘liga olib chiqishdan iborat edi. 

Shu ma’noda bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib ulgurgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi zamirida ham ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam. 

Tadbir ishtirokchilari muzeyda saqlanayotgan tarixiy manba hamda eksponatlar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA