Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zimiz va oila a’zolarimizni asraylik
10:45 / 2021-05-27

Koronavirus balosi insoniyat boshiga og‘ir kunlarni soldi. Xitoyning Uxan shahridan tarqalgan virus qisqa fursat ichida barcha qit’alarga yetib bordi. Bu borada muayyan tajriba, vaksinaga ega bo‘lmagan soha mutaxassislari ham lolu hayron edi, o‘shanda.

Shifoxonalar kasallangan bemorlar bilan to‘ldi. Favqulodda ko‘rilgan chora-tadbirlar ham avvaliga kutilgan natijani bermadi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab, kollej, oliygoh va qator ishlab chiqarish korxonalari birin-ketin yopildi. Hatto dunyoning uzog‘ini yaqin qilayotgan transport vositalari ham taqqa-taq to‘xtadi.

Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda aholi sog‘lig‘i va hayotini saqlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish uchun nimaiki zarur bo‘lsa, hammasi qilindi. Tezkor usulda barcha qulayliklarga ega qo‘shimcha maxsus tibbiyot maskanlari barpo etildi. Chet mamlakatlardan zarur dori-darmon, texnika, himoya vositalari keltirildi. Tajribali mutaxassislar jalb qilindi.

O‘ta og‘ir, ayanchli kunlar ortda qoldi. Ahillik, hamjihatlik, qat’iy intizom asosida amalga oshirilgan rejali tadbir va muolajalar o‘z samarasini berdi. Koronavirus infeksiyasining o‘chog‘i sekin-asta so‘na boshladi. Ammo bu degani undan batamom xalos bo‘ldik, qutildik, degani emas. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan berilayotgan ma’lumotlar ham bu borada qator mamlakatlarda holat o‘ta ayanchli ekanligini ko‘rsatib turibdi. Qolaversa, mamlakatimiz bo‘yicha kuniga 200-300 nafar atrofida yurtdoshlarimizning koronavirus infeksiyasiga chalinayotganligi bizni yanada ogoh, hushyor, sergak, intizomli bo‘lishga undamog‘i zarur va shart.  

Xabaringiz bor, dunyo miqyosidagi olimlar, shu jumladan, o‘zbek mutaxassislarining tezkor va samarali izlanishlari natijasida koronavirus infeksiyasiga qarshi qator vaksinalar yaratildi. Sinovdan o‘tganlari JSST tomonidan amaliyotga tavsiya etildi. Tezkor jarayonda mamlakatimiz, shu jumladan, viloyatimizga ham 58 ming doza AstraZeneca, 183 ming doza ZF-UZ-VAC2001 va 900 doza “Sputnik V” vaksinasi keltirildi. Hozirgi kunga kelib 125 ming 805 nafar, xavf guruhiga mansub bo‘lganlarni qo‘shib hisoblaganda 169 ming 419 nafar aholida emlashni samarali o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldik. Birinchi va ikkinchi bosqichda emlangan aholida uch kunlik patronaj kuzatuvlari yo‘lga qo‘yildi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shahar va tuman davolash-profilaktika muassasalariga emlashdan so‘ng nojo‘ya holatlar kuzatilganligi haqida murojaatlar kelib tushmagan.

Yuqoridagi fakt va raqamlardan ham ko‘rinib turibdiki, mamlakatimiz shu jumladan, viloyatda ham koronavirus infeksiyasi tarqalishi va undan batamom xalos bo‘lish maqsadida keng qamrovli sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Biroq jamoat joylari, bozor, savdo shoxobchalari kabi ayrim tashkilot, muassasalardagi o‘zibo‘larchilik holatlari, karantin qoidalarining qo‘pol ravishda buzilayotganligi soha mutaxassislarini hamon tashvishga solmoqda. “Birniki mingga, mingniki tumanga”, degan naql bejiz aytilmagan. Yurtimizda nishonlanayotgan bayram tadbirlari, to‘y va marosimlarda ham niqob taqish, qo‘llarimizni himoyalovchi vositalar bilan zararlantirish, oraliq masofani saqlash kabi qoidalarga qat’iy rioya etsak, eng avvalo, o‘zimiz, oila a’zolarimiz, xalqimizni koronavirus infeksiyasi yuqishidan asragan bo‘lamiz.

 

Mamasoli Torabekov,

Namangan viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i.