English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zimiz "o‘tirgan shoxni o‘zimiz kesmoqdamiz": Markaziy Osiyodagi ekologik holat (+ video)
11:06 / 2023-08-07

Oxirgi yillarda iqlimning keskin isishi tabiatda vaziyat yaxshi emasligini ko‘rsatib turibdi. O‘tgan hafta BMT bosh kotibi Antonio Gutterish global isish davri tugab, global qaynash davri boshlanganini gapirayotgan bir paytda O‘zbekistonda oxirgi vaqtlarda ro‘y berayotgan ekologik inqirozning ayrim raqamlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Yiliga 200 million daraxt ekilishini o‘z ichiga olgan "Yashil makon" loyihasi doirasida 2 milliondan ortiq daraxt qo‘shib yozilgan. Sug‘orib bo‘lmaydigan joylarga 7 milliondan ko‘proq tup nihol o‘tqazilgan, ekilgan 2 millionga yaqin tup ko‘chatni saqlash va parvarishlash uchun tegishli ma’sullar belgilanmagan. Bu birgina loyihaning yarim yillikdagi raqamlaridir. Qolgan ko‘zbuyamachilik va tabiatga yetkazilayotgan zararlarni hisoblash va hazm qilish uchun ob-havo issiqlik qiladi. 

Oxirgi vaqtlarda "peshanani terlatadigan" xabarlardan yana biri Surxondaryo va Buxoro hududlarida yo‘l qurilishi sabab kesilishi mumkin bo‘lgan 70 mingta daraxt loyihasidir. O‘zbekistonliklar ushbu xabarni yozning qoq chillasida o‘qir ekan, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yakunda esa loyiha yashillikka zarar yetkazilmaydigan usulda davom ettiriladigan bo‘lgan. Har qanday inqirozni to‘g‘ri siyosat va siyosiy institutlar bilan qayta yo‘lga qo‘yish mumkin, lekin ekologiyani emas. Aynan ekologiya odamlarni iqlim migratsiyasiga undashi va o‘z joylarini tashlab ketishga majbur qiladi, bu esa boshqa muammolarni keltirib chiqaradi. 

Shunga qaramay, yashil hududlarni ko‘paytirish loyihalari davom etmoqda. Prezident Mirziyoyev iyul oyida Toshkentni toza hovali megapolisga aylantirish haqida nutq so‘zladi. Unga ko‘ra, kelgusi yetti yilda har yili 1 million dona manzarali, mevali ko‘chatlar ekish, 32 ta sayilgoh, 30 ta yashil hudud va xiyobonlar, 50 gektar maydonda yirik "Akvapark" qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Yangi Toshkent hududida maydoni 35 gektar bo‘lgan sun’iy ko‘l tashkil qilinadi. 

Toshkent va ayrim hududlarning harorat nuqtalariga qarab chiqamiz. "Hook Report" nashri zamonaviy texnologiyalar yordamida sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga asoslanib, Toshkent va O‘zbekistonning ayrim hududlaridagi issiqlik va salqinlikning saqlanib qolishi, shaharsozlikdagi xatolar hamda iqlimga bo‘lgan munosabatlarni tahlil qildi. Shuningdek, biz unda yashash uchun qulay hududlar ro‘yxatini ko‘rishimiz mumkin. Hududlarning issiqlik o‘sishi o‘n yillik farq bilan xaritalar yordamida tushuntirilgan. O‘zbekistonning deyarli barcha shaharlari suv havzalarida joylashgan bo‘lsa ham, lekin Chirchiq daryosi Toshkent havosini salqinligini ta’minlay olmayapti. Bunga bir nechta sabablar bor. 

Misol uchun, poytaxt atrofidagi salqin qishloq xo‘jaligi yerlari yo‘q qilinib, qurilishlar maydoniga aylangan. Bundan tashqari, paydo bo‘layotgan chang-to‘zonlarning markazi aynan Toshkent bo‘lib qolayotgani xavotirli. Chilonzor, Yunusobod, Qorasuvdagi ko‘p qavatli uylar hududi tumanning mahallalar qismiga qaraganda sezilarli darajada salqin haroratni saqlab qolmoqda. Bunga asosiy sabab daraxtlar zichligi bilan baholanadi.

Toshkentning issiqlik eng ko‘p saqlanib qoluvchi hududiga qaraydigan bo‘lsak, Toshkent traktor zavodi, Aeroport, Ippodrom, O‘rikzor, Farhod bozori va boshqa hududlar qizil bilan belgilangan. Nega bu yerlar qizib ketadi, degan savolga javob daraxtlarning noto‘g‘ri kesilishidir.

O‘zbekistonning boshqa hududiga, jumladan, Andijon va Namanganga qaraydigan bo‘lsak, qiziq holatlarga duch kelish mumkin. Ushbu hududlar tog‘lar bilan o‘ralgani, cho‘l va cho‘l shamollaridan to‘silgani uchun o‘zida salqinlikni ushlab turadi.

Sirdaryoning ta’sir zonasida joylashgan va iqlim sharoiti Toshkentga ancha yaqin bo‘lgan Jizzaxda mutlaqo teskari manzara kuzatilmoqda:

Samarqand hududi oxirgi o‘n yillikda o‘zining sezilarli darajada salqin haroratini yo‘qotgan, bu xaritalarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ekologik muhitning o‘zgarishi tabiatga noto‘g‘ri yondashuv va e’tiborsizlik bilan belgilanadi.

15 iyul 2013 yil, 33 gradus.

3 iyul 2023 yil, 35 gradus.

Toshkent harorati uchun qilinadigan xulosalar shundaki, Sirdaryo va Chirchiq daryolari Zarafshonga qaraganda salqinlikni kamroq ushlaydi, shimoliy-g‘arbiy tomondan esa Qozoq cho‘llari, Chirchiq daryosiga sanoatning aralashuvi vaziyatni yanada yomonlashtiradi. Insonlar o‘z hududlarida yashab qolishi va rivojlantirishi uchun Yangi O‘zbekiston eski ekologik muammolarni hal qilishiga to‘g‘ri keladi. 

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/GJst-dQShS0" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

 

Sardorbek Poyonov, Iskandar Ismatov.