Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zim tanlagan nomzodga ishonaman
16:51 / 2024-10-23

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 16 oktyabrdan respublika bo‘ylab barcha saylov uchastkalarida soat 9:00 dan ochildi. Saylovchi saylov kuni o‘z hududida bo‘la olmasligi sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanadi.

Buxoro shahridagi 17-maktabda joylashgan 28-saylov uchastkasida ham muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. Shu hududda ro‘yxatda turuvchi Obidjon Dehqonov tibbiyot xodimi. U 27 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan seminarda qatnashishi kerak. Shuning uchun Obidjon muddatidan oldin o‘zi tanlagan nomzodlarga ovoz berdi. 

– Men o‘z konstitutsion huquqimdan foydalanib, o‘zim istagan nomzodlarga ovoz berdim, – deydi saylovchi. 

– Oilam bilan boshqa shaharga ketayotganim sababli muddatidan ilgari ovoz berish imkoniyatidan foydalandim, – deydi fuqaro Yoqub G‘aybullayev. –Shu orqali o‘z fuqarolik burchimni bajardim. Yurtimiz kelajagiga befarq emasman va aholini qo‘llab-quvvatlovchi ishonchli nomzodga ovoz berdim. 

Jondor tumanidagi 204-sonli saylov uchastkasida har kuni muddatidan oldin ovoz beruvchi fuqarolar kutib olinmoqda. Saylov uchastkasida komissiya a’zolari faoliyati va fuqarolar ovoz berishi uchun sharoitlar yetarli. Muhim siyosiy jarayonda barcha uchastkalar qatori mazkur uchastka ham talab darajasida jihozlangan. 

Buxoro shahridagi 20-maktabda joylashgan 76-saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish davom etmoqda. Azal Shukurov saylov kuni xizmat safari bilan boshqa viloyatda bo‘lishini bildirdi. 

– Saylov kuni o‘z hududimda bo‘lolmasligim sababli muddatidan oldin o‘zim ishongan nomzodlarga ovoz berdim, – deydi Azal Shukurov. 

394-son saylov uchastkasi Shofirkon tuman 2-umumta’lim maktabi binosida joylashgan. Uchastkada muddatidan oldin ovoz beruvchi fuqarolar kelishda davom etmoqda. 

– Saylov kuni davolanish uchun boshqa shaharga ketaman, – deydi fuqaro Akmal Toshev. – Shuning uchun muddatidan oldin ovoz berishga qaror qildim. Men singari turli sabab bilan saylov kuni ovoz berishda ishtirok eta olmaydigan fuqarolarga muddatidan ilgari ovoz berish imkoniyatining borligi bizga ancha qulaylik yaratadi. Ma’qul deb bilgan nomzod yoki partiyaga ovoz berib, oz fuqarolik burchimizni bajarishda bu ayni muddao. 

394-son saylov uchastkasi komissiyasi raisi Nafisa Ochilovaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, uchastkada ovoz berish jarayonlari shaffof va adolatli tashkil etilmoqda. Qolaversa, barcha kerakli texnik jihozlar va fuqarolar tanishishi uchun ma’lumot doskasi ham tayyorlangan. 

– 27 oktyabrda kun bo‘yi ishda bo‘laman, – deydi Buxoro shahrida yashovchi Shahlo Rustamova. – Shuning uchun muddatidan oldin ovoz berishga keldim. O‘zim ro‘yxatda turgan hududdagi 75-saylov uchastkasida o‘zim tanlagan nomzodlarga ovoz berdim. 

– Saylov kuni o‘z yashash joyimda bo‘lish imkoniyatiga ega emasman. O‘sha kuni xorijda bo‘laman. Shu bois muddatidan oldin ovoz berish huquqimdan foydalandim, – deydi Buxoro tumanidagi 17 maktabda joylashgan 139-saylov uchastkasida muddatidan oldin o‘zi tanlagan nomzodlarga ovoz bergan Inobat Murtazoyeva. 

-27 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi kuni afsuski, o‘z yashash joyimda bo‘lish imkoniyatiga ega emasman. Lekin, bu mening saylovda qatnashish imkoniyatimga to‘siq bo‘lolmaydi. O‘zim ro‘yxatda bo‘lgan Buxoro shahridagi 8-maktabda joylashgan 6-saylov uchastkasida muddatidan oldin o‘zim istagan nomzodlarga ovoz berdim, – deydi Homid Barotov. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni qizg‘in davom etmoqda. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.