Qashqadaryo viloyati Kitob tumanining “Beshterak” mahallasida yashovchi Ilyos Mavlonov xorijga ishlashga ketib, baxtsiz hodisa tufayli bir oyog‘idan ayrildi. Uyga bir oyoqda qaytgan qahramonimizning topgan puli davolanishiga ketdi. Qolaversa, voyaga yetmagan 3 nafar farzand, ular ham yeyman, ichaman deydi. Navqiron yoshida jismoniy imkoniyati cheklanib qoldi. Protez oyoq sotib olishga esa imkoniyati yetmadi. Noiloj nogironlik aravachasida qoldi.
Mahallada ish boshlagan ijtimoiy xodim Sarvinoz Umarova uning yordam so‘rab qilgan murojaatini javobsiz qoldirmadi. Ilyos Mavlonovga keys menejment asosida bir qancha ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatildi.

Jumladan, Ilyos Mavlonovga nogironlik guruhi belgilandi. Unga qarab turishi uchun turmush o‘rtog‘i Feruza Aliyevaga qarovchilik dalolatnomasi rasmiylashtirildi. Er va xotin sanatoriyga borishi uchun navbatga qo‘yildi. Shuningdek, dori-darmon uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan moddiy mablag‘ ham ajratildi. 3 nafar farzandiga bolalar nafaqasi tayinlandi. Kichik farzandi imtiyozli ravishda MTT ga joylashtirildi. Eng muhimi Ilyos Mavlonov oyoq protezi bilan ta’minlandi.

Taqdim etilgan reabilitatsiya texnik vositalari va ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar natijasida Ilyos aka o‘zi mustaqil ravishda harakatlanishni boshladi.
– Qaratilgan e’tibordan benihoya mamnunman, – deydi Ilyos Mavlonov. – Protezni kiyib, sekin-asta o‘zim mustaqil yura boshlagach, hayotga bo‘lgan intilishim kuchaydi, orzu niyatlarim, maqsadlarim qaytadan uyg‘ondi. Yaqin kelajakda baliqchilik bilan shug‘ullanishni maqsad qilyapman. Buning uchun bor kuch va g‘ayratim bilan harakat qilaman. Men kabi ehtiyojmand fuqarolarni chetga surib qo‘ymay qo‘llab-quvvatlagani uchun Yurtboshimizdan bag‘oyatda minnatdorman.

Ma’lumot uchun, viloyatdagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar tomonidan joriy yilning 1-choragida 5 ming 406 ta ijtimoiy ishlar (keys) ochilib, xizmatlar rejasi ishlab chiqilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri