Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, iste’dodli yosh rassom Ulug‘bek Rajabovning “Uchar tuya rivoyati” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ulug‘bek Rajabov 1981 yilda Samarqand viloyati Narpay tumanida tug‘ilgan. P.Benkov nomidagi respublika rassomlik kollejida tahsil olgan. K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutini tamomlagan.
Tadbirda qayd etilganidek, Ulug‘bek Rajabov respublika miqyosida o‘tkazilgan yirik ko‘rgazmalarda ishtiroki bilan allaqachon san’at ixlosmandlariga tanilib ulgurgan. Bunga sabab uning asarlari ko‘rgazmalar ekspozitsiyalarida o‘zining yorqin ranglari bilan ko‘zga tashlanishi, shakllarning plastik jihatidan o‘ziga xosligidir.
[gallery-26357]
Mazkur ko‘rgazmada U.Rajabovning asosan keyingi yillarda ishlagan yirik hajmdagi asarlari namoyish etilmoqda. Rassom asarlarining o‘ziga xosligi, dastxati muhri, ayniqsa, ranglarda o‘zini namoyon etadi.
Ulug‘bekning yirik hajmdagi, konseptual asarlari nafaqat o‘zining haybati bilan, balki mavzu talqini bilan tomoshabinda ichki g‘alayon va jo‘shqinlikni yuzaga keltiradi-ki, beixtiyor uning ishtirokchisiga aylanadi. Buyuk sivilizatsiyalar markazlaridan biri qadimiy So‘g‘d madaniyatiga bu qadar nafosat va ehtiyotkorana munosabat ijodkorning an’anaviy mavzuni yangicha zamonaviy ruhda talqin etishiga zamin hozirlaydi. Mahobatli shaklu shamoyillar, qadimiy ohangga burkangan ranglar mavzu, syujet, kompozitsion yechim va umuman asarga ko‘hna va muhtasham ruh bag‘ishlaydi.
Yosh rassom ko‘plab respublika va halqaro ko‘rgazmalar ishtirokchisi.
Asarlari dunyoning yirik mamlakatlaridagi davlat muzeylari va shaxsiy galereyalarda saqlanadi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA