Agar Buxoro tomonlarga poyezd yoki mashinada yo‘l olsangiz, bora-borguncha yo‘llar atrofini kuzatib hududlarda nima o‘zgarish, qanday obodonlashtirish ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Avvallari bo‘sh, tashlandiq yotgan ayrim yerlarda bog‘lar barpo etilganini, zamonaviy turar joy va ijtimoiy ob’ektlar qurilganini ko‘rasiz. Bir necha gektarlab issiqxonalar "paydo bo‘lib qolgan"nidan hayratlanasiz.
Masalan, Jizzax adirlaridan o‘tar ekansiz, kattagina hududda bog‘ tashkil etilibdi, o‘tqazilgan ko‘chatlar yashnab, uzoqdan e’tiboringizni tortadi. Samarqand yo‘llariga yetar ekansiz, juda katta obodonlashtirish, qurilish-bunyodkorlik ishlari jadal borayotganiga ko‘zingiz tushadi. Qoradaryo atrofini obodonlashtirish uchun keng ko‘lamli ishlar boshlangan.
Buxoro qiyofasida ham hal gal qandaydir o‘zgarishlar bo‘lgani yaqqol seziladi. Viloyatning chekka tumanlaridan bo‘lgan Qorako‘lning ayrim ko‘chalarini esa tanimay qolasiz — o‘zgarishlardan «avval bu yerda nima bor ediya», deb o‘ylanasiz bir nafas. Bir paytlar Qorako‘l markaziga borishgacha bo‘lgan yo‘l atrofi qip-qizil cho‘l edi. Hozir bu yerlarda yangi korxonalar, turar-joy binolari, to‘yxonalar qad rostlab, obod manzilga aylangan... Qo‘ying-chi, bu kabi o‘zgarishlar yurtimizning har bir markazu eng chekka hududlarida bo‘y ko‘rsatmoqda.
[gallery-8166]
O‘zida g‘ujur, yuragida o‘ti bor, sharoitini yaxshilashga harakat qilayotgan inson borki, yaxshi yashashga, farovon turmush kechirishga erishmoqda, o‘z qadri yo‘lida eng qulay imkoniyatlardan foydalanishga intilmoqda. Zero, "Harakatda – barakat", deya bejiz aytilmagan.
Bugun odamlarga "baliq tutib berish emas, balki doimiy ravishda baliq tutishlari uchun qarmoq berish" amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etayotir. To‘g‘ri-da, "Qo‘ldan berganga qush to‘ymas", deganlaridek, odamlarga bir marta yordam bergandan ko‘ra, ularning doimiy daromad manbasiga ega bo‘lishlari uchun ko‘maklashilgani foydaliroq.
Bu borada davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amaliyotga tatbiq etilgan sektorlar, ijtimoiy daftarlar tizimi, «mahallabay», «xonadonbay», «fuqarobay» o‘rganish ishlari, har bir mahallada faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi kabilar qo‘l kelmoqda.
Birgina hokim yordamchisi lavozimini olaylik. Davlat rahbarining 2021 yil 3 dekabrdagi «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan har bir shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek, har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi ta’sis etildi.
Ular bugungi kunda o‘z hududida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlarni tizimli ravishda tashkil etmoqda. Aholini, birinchi navbatda, ishsiz yoshlarni, ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda ularning bandligini ta’minlashga yordam bermoqda. Aholi tomorqalaridan samarali foydalanib, uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, urug‘chilik, ko‘chatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashib kelmoqda.
Yurtimizda xalq bilan muloqot tizimi muntazamlik kasb etdi. Bugun odamlar davlat tashkilotining eshigini taqillatib borib, dardini, muammosini aytishiga hojat qolmadi. Aksincha, barcha bo‘g‘indagi mansabdorlar, vazir va hokimlar, senator va deputatlar o‘zlari fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishlari bilan qiziqmoqda. Davlat organlarining barcha eshiklari xalq uchun, har bir fuqaro uchun ochiq — muammo ham, taklif yoki e’tiroz ham tinglanmoqda, yechimlar topilmoqda.
Mamlakatimiz «Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat» g‘oyasi asosida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan borilmoqda. Bu yo‘lda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi yo‘lchi mayoq singari rivojlanish sari tashlangan odimlarimizga dadillik baxsh etayotir. Rivojlanish strategiyamiz yorqin kelajak sari maqsadlarimizni aniq, tiniq belgilab berdi. Uni amalga oshirish, erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, tub islohot jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarish, inson huquq va manfaatlari, uning qadri, sha’ni va g‘ururini yetakchi o‘ringa olib chiqish ustuvor vazifa sifatida oldimizda turibdi.
Istiqlolning 31 yilligi oldida turib, bosib o‘tgan yo‘limiz hamda kelgusida mo‘ljallagan yuksak marralarimizni birma-bir ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazar ekanmiz, inson qadri yuksak yurtda yashamoqlik taqdir qilib berilganidan quvonamiz, baxtiyorlik tuyamiz.
Shu yilning 1 avgust kuni Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, unga ko‘ra bu yilgi bayram tadbirlari «Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Ushbu g‘oya zamirida ham insondan aziz, uning qadr-qimmatidan ziyoda, eldan ustun narsa yo‘qligi muhrlangan. El-ulusi aziz bo‘lgan, inson manfaati ustuvorlik kasb etgan, tinch-osoyishta yurtda xotirjam yashab, erkin faoliyat olib borish har birimizga shukronalik bag‘ishlaydi...
Muhtarama Komilova, O‘zA