Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zgidromet”: Poytaxt havosining sifat darajasi “qizil” xavfga ega
11:05 / 2023-10-19

Mutaxassislarning fikrlariga ko‘ra, mamlakatimizda ob-havoning keskin o‘zgarib borishi yog‘inlar kamayishi, yerlar degradatsiyasi, chang bo‘ronlar sonining ortishi, biologik xilma-xillikning qisqarishi hamda atrof tabiiy muhitining sezilarli darajada ifloslanishiga olib keladi.

Ma’lum qilinishicha, poytaxt havosining sifat darajasi “qizil” xavfga ega bo‘lib, kecha, 18 oktyabr kuni soat 17:00 holatiga ko‘ra PM2,5 konsentratsiyasi JSST tavsiya qilgan yillik havo sifati me’yoridan yuqori darajani qayd etmoqda. Shu bois, mutaxassislar shahar aholisidan ko‘cha-ko‘yda chiqishdan oldin niqob taqishni so‘ramoqda.  

Shuningdek, Gidrometeorologiya xizmati agentligi mutasaddilarining ta’kidlashicha, Atrof-muhit sifati monitoringi boshqarmasi 26 ta shaharning 74 ta statsionar kuzatuv punktlarida havo ifloslanishini kuzatadi. Ulardan 66 ta statsionar postlarda kuniga 3 marta havodan namuna olish amalga oshiriladi.  

Bugungi kunda Jizzax, Guliston, Samarqand, Termiz, Nukus, Urganch va Toshkent shaharlarida o‘rnatilgan 8 ta zamonaviy avtomatik monitoring stansiyalarida onlayn kuzatuvlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, atmosfera havosi sifatini marshrut kuzatuvlari mobil ekologik laboratoriya yordamida bajariladi. Mazkur kuzatish punktlarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi 12 turdagi tashlamalar monitoring qilinadi. Joriy yilda atmosfera havosidan Toshkent shahrida 23 mingdan ziyod, butun tarmoq bo‘yicha 98 mingta namuna olingan va tahlil qilingan. Buxoro, Termiz, Toshkent shaharlarida atmosfera havosi mayda chang zarralari RM10 bilan yuqori darajada ifloslanishi holatlari qayd etilgan.    

Yer usti suvlarining ifloslanishi monitoringi esa 43 ta ingrediyent bo‘yicha 59 ta suv ob’ektida, 89 ta punktda, 107 ta uchastkada amalga oshirilmoqda. Jumladan, 768 ta yer usti suvi namunalari, Gidrobiologik monitoring bo‘limi laboratoriyasida Toshkent viloyati daryolaridan olingan 110 ta perifiton va 134 ta zoobentos namunalari tahlil qilindi. Tahlillar natijasida Markaziy Buxoro kollektorida – Buxoro shahri yuqori va quyi oqimida yer usti suvlarining sulfatlar bilan yuqori darajada ifloslanishining 9 ta holati qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligi yerlarida 261 ta punktda tuproq ifloslanishi monitoringi olib borilmoqda. Toshkent va Navoiy shaharlari atrofidagi tuproqlarda 20 ta indikator yordamida sanoatdan kelib chiqadigan toksikantlar, Sariosiyo tumani atrofida esa suvda eruvchan ftoridlar miqdori tekshirildi. Jami 462 ta tuproq namunalari olindi va tahlil qilingan.  

Aerozollarning umumiy beta faolligi va izotopik tarkibi kuzatuvlari 25 ta statsionar punktda olib boriladi, 40 ta stansiyada esa gamma nurlanishning ta’sir qilish dozasi darajasi o‘lchanadi.    

Respublika hududlarida chang bo‘ronining davriyligi va ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslari, o‘simlik va hayvonot dunyosining qisqarishi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi ta’sirida aholi salomatligida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlarni o‘rganish va oldini olish maqsadida Agentlik Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda “Iqlim o‘zgarishiga moslashish rejasi”ni ishlab chiqmoqda.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA