Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"O‘zgidromet": Ilgari har 3 soatda uzatilgan kuzatuv natijalari endi har 10 daqiqada uzatilmoqda
15:54 / 2022-03-28

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida "O‘zgidromet" mutasaddilari ishtirokida markaz tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda sohadagi o‘zgarishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Jahon banki bilan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 50 ta avtomatik meteostansiyalar, 1 ta mobil ekologik laboratoriya va 1 dona super kompyuter uskunasi, shuningdek, "Zamin" xalqaro jamoat fondi hisobidan 2 ta avtomatlashgan atmosfera havosi ifloslanishi monitoring stansiyalari o‘rnatildi. 
 
Shuningdek, Gidrometeorologik axborot ma’lumotlarining yagona elektron fondini shakllantirish bo‘yicha, Jahon meteorologiya tashkiloti va Koreya meteorologiya administratsiyasi bilan qo‘shma hamkorlik shartnomasi asosida I bosqichda "O‘zgidromet" mavjud (qog‘oz shaklidagi) meteoarxiv ma’lumotlarini elektron shaklga o‘tkazish ishlari yakunlandi.

Hozirda loyihaning II bosqichi amalga oshirilayotgan bo‘lib, malakali mutaxassislar loyihaning I bosqichida raqamlashtirilgan (skanerlangan) ma’lumotlarni elektron (mashina o‘qiydigan) formatga o‘tkazish ishlarini bajarmoqda.   
 
Ilgari kuzatuv natijalari har 3 soatda ratsiya orqali uzatilgan bo‘lsa, sohada IT-texnologiyalarni takomillashtirish natijasida ma’lumotlar markazga avtomatik tarzda 10 daqiqada GSM/sputnik orqali uzatib borilishi ta’minlandi.  

Aholi yashash punktlarda havo sifatini monitoring qilish hamda gidrometeorologik ma’lumotlarni vizuallashtirish bo‘yicha yangi “monitoring.meteo.uz” va “data.meteo.uz” geoportallari ishga tushirildi.   

MODIS uskunasi modernizatsiya qilindi. Natijada kuniga 4 marta respublikaning tog‘ va tog‘oldi hududlarida qor qoplami balandligini o‘lchash orqali suv miqdori hisobini yuritish va qishloq xo‘jaligi ekinlarining vegetatsiya indeksi zichligini aniqlashga erishildi.  
 
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Jahon bankining Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) mintaqaviy loyihasi va boshqa donorlar ishtirokida "O‘zgidromet"ning hududlardagi gidrometeorologiya va qor ko‘chki kuzatuv stansiyalariga 51 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 10 ta meteorologik va Jizzax hamda Qashqadaryo viloyatlarida 12 ta agrometeorologik avtomatik stansiyalar o‘rnatildi.  

Mazkur stansiyalarda o‘simliklar namligi va zichligi, yog‘in miqdori, tuproq harorati hamda namligini avtomatik usulda har o‘n daqiqada aniqlash yo‘lga qo‘yildi. Stansiyalardan olinayotgan ma’lumotlarni muntazam ravishda "O‘zgidromet" axborot tizimiga uzatishni tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi.  

 
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA