Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zgarishlar bo‘lishi uchun fermerlar tadqiqotlarni harakatga soluvchi kuch bo‘lishi lozim
11:39 / 2022-06-07

Bugun qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun bir nechta rag‘batlantiruvchi omillar mavjud. Jumladan, bozor iqtisodiyotiga o‘tish minglab fermerlar uchun daromadi o‘sishi imkoniyatini ochib beradi.

“O‘zbekiston rivojlanish yo‘lida: qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tadqiqotlarini transformatsiya qilish” mavzusidagi II Milliy qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tadqiqotlari forumida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Senator Risqul Siddiqov tomonidan  taqdim etilgan ma’lumotlarga  ko‘ra, kelgusida donli ekinlarning o‘rtacha hosildorligini 2030 yilga kelib 7,5 t/ga gacha oshirish,  2030 yilga kelib yem-xashak yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarini 7 foizdan  15 foizga oshirish kabi masalalar belgilab qo‘yilgan.

Agrobiznes korxonalari va fermer xo‘jaliklari eksport hajmining ulushi 2018 yildagi 2 foizdan 2030 yilga kelib 30 foizgacha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti qiymatini esa 9 barobarga oshirilishi kutilmoqda.

Shuningdek, agro oziq-ovqat sektoridagi bandlikning oziq-ovqat va unga aloqador tarmoqlardagi ulushi 6 foizdan 20 foizga ko‘tarilishi, qishloq aholisi, xususan, ayollar va yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarining oshirilishi, ular uchun yangi qishloq korxonalari 30 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, qo‘shilgan qiymatli qayta ishlangan eksport hajmi 2030 yilga kelib 40 foizgacha oshiriladi.

O‘sish barqarorlik evaziga bo‘lishi mumkin emas.

Kutilgan maqsadlarga erishish uchun, suvni tejovchi texnologiyalar bilan sug‘oriluvchi qishloq xo‘jaligi yerlari maydoni 32 foizga ko‘paytiriladi. Sho‘rlanishdan zarar ko‘rgan qishloq xo‘jaligi yerlari umumiy maydonining 8 foizga qisqartiriladi hamda o‘rmon ekinlarining umumiy maydonini  30 foizga  oshiriladi. Alohida ta’kidlash lozimki, bu barcha manfaatdor tomonlarning mushtarak harakatlarini talab qiladigan jiddiy va ulkan maqsadlardir.

-  O‘zbekiston fermerlariga ushbu asosiy qiyinchiliklarni yengish imkonini beruvchi yangi bilimlar, g‘oyalar, vositalar va texnologiyalarni yaratishda tadqiqot muhim rol o‘ynaydi,  -  deydi Risqul Siddiqov. - O‘zgarishlar sodir bo‘lishi uchun fermerlarimiz ularni harakatga soluvchi kuch bo‘lishi kerak. Biroq, hukumat ishonchini qozonish va zarur investitsiyalarni jalb etish uchun agro oziq-ovqat yo‘nalishidagi tadqiqotlar va innovatsiyalar ham o‘z ahamiyati haqida kengroq jamiyatni boxabar etishi lozim.

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligining raqobatbardoshligiga erishish fermerlarga tegishli darajadagi bozorlarga chiqish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport qilish salohiyatini oshirish, xalqaro standartlarga javob berish hamda qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini oshirish imkonini beruvchi, yanada integratsiyalashgan va samarali qiymat zanjirlarini yaratishni talab qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA