Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida intellektual mulk himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish borasida ko‘plab amaliy ishlar qilinayotgan bo‘lishiga qaramay, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar soni kamaymayapti. Oxirgi besh yilda intellektual mulkning tadbirkorlik faoliyatidagi foydalanish ko‘lamining ortishi natijasida bu boradagi huquqbuzarliklar soni keskin oshib bormoqda.
Xususan, 2020 yilda 54 ta qonun buzilish holati aniqlangan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2021 yilda 287 ta, 2022 yilda 380 ta, 2023 yilga borib esa 886 tani tashkil qilgan. Huquqbuzarliklarning 50 foizidan ortig‘i o‘zganing tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanish natijasida sodir etilgan.
Ushbu qonun loyihasi bilan tegishli kodekslardagi mualliflik huquqi bilan bog‘liq javobgarlik choralari yanada kuchaytirilmoqda. Shu bilan birga kontrafakt mahsulotlarni olib qo‘yish va yo‘q qilish tartibini joriy qilish hamda olib qo‘yish bo‘yicha vakolatli davlat organi belgilanyapti.
Munozaralar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Deputatlar ushbu qonun loyihasi jamiyatda intellektual mulk huquqiga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirish va intellektual mulk egalarining moddiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA