Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zganing plastik kartochkasidan pullarni o‘g‘rilagan shaxs qo‘lga olindi
11:16 / 2021-09-28

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmatining xabariga ko‘ra, G‘ijduvon tumani Ayirtom mahallasida yashovchi, 1965 yilda tug‘ilgan fuqaro E.Z. ning turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan “Xalq banki” filiali tomonidan berilgan plastik kartochkasiga “klik” tizimi o‘rnatilgan. Kartaning “sms” xabarnomasi esa uning “Bilayn” uyali aloqa kompaniyasi tomonidan rasmiylashtirib berilgan telefon raqamiga ulangan.

Joriy yil 2 iyun kuni noma’lum shaxs uning ushbu telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, hozirda plastik kartalardan ko‘plab o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilayotganligini aytadi. Bank tomonidan profilaktik ishlar olib borilayotganligi sababli “klik” tizimiga o‘rnatilgan maxfiy kodni o‘zgartirish lozimligini bildiradi. Natijada fuqaro E.Z.dan plastik karta kodini so‘rab olishga erishadi. O‘sha kuni noma’lum shaxs tungi vaqtda plastik kartada mavjud bo‘lgan 646 ming so‘m pullarini yechib oladi.

Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kechiktirib bo‘lmas tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor-texnikaviy, surishtiruv hamda dastlabki tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani A.Jomiy ko‘chasida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro T.M. sodir qilganligi aniqlanib, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirgi kunda ushbu shaxsning boshqa shu va shunga o‘xshash fosh etilmasdan qolib kelayotgan virtual jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Zarif Komilov, O‘zA