Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar, islohotlar va yangilanishlarni harakatlantiruvchi qudratli kuch, g‘oyaviy o‘zagida mazkur g‘oya mujassam.
Tarixiy o‘zgarishlar silsilasida xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha tamomila yangi tizimga asos solingani va hududlarda, eng chekka ovullarda ham aholi bilan muloqotning yo‘lga quyilgani buning yana bir amaliy isbotidir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi G.Bazarbayeva hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raisi vazifasini bajaruvchi A.Nurlipesov tomonidan Orolbo‘yining janubiy hududida joylashgan Amudaryo va Beruniy tumanlarida “mahallabay” asosida navbatdagi sayyor qabullar tashkil etildi.
Qabul davomida ish bilan ta’minlash, qarz pullarini undirish, oiladagi turli nizolar sabab nikohdan ajratish, tomorqa yer maydoniga dehqonchilik qilish uchun suv bilan ta’minlash, otasidan qolgan meros uy joyni nomiga rasmiylashtirish, yashash uyiga kadastr hujjatlarini olishga ko‘maklashish, uy-joy va kommunal xizmat, bank kreditlari va boshqa masalalarga oid murojaatlar kelib tushdi.
Jumladan, jami 23 nafar fuqaroning sud-huquq masalalariga oid murojaati tinglanib, huquqiy tushuntirish berildi.
Sayyor qabullar orqali rahbarlar xalq bilan yanada yaqinlashib, mavjud muammolarning aniq tahlili yaratildi. Bu esa o‘z navbatida xalq dardi, muammolarini o‘rganish fuqarolarning jamiyatga, ertangi kunga ishonchini ortishiga, hayot darajasi, yashash tarzi yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
Zero, xalq rozi bo‘lsa – ishda unum va baraka bo‘ladi, davlat rivojlanadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA