English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zenergoinspeksiya” profilaktika va nazorat ishlarini kuchaytirdi
13:24 / 2025-07-21

Hududlarda tabiiy gazdan xavfsiz va qonuniy foydalanishni ta’minlash, noqonuniy ulanishlarni aniqlash hamda avariya va yong‘inlarning oldini olish maqsadida energetika tizimida kompleks profilaktik va nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyevning ma’lum qilishicha, yaqinda Surxondaryo viloyatida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda inspeksiya hamkorligida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida profilaktik o‘rganishlar amalga oshirildi. Mazkur tadbirlar davomida yong‘in va favqulodda holatlarning oldini olish, mavjud texnik holatni baholash, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, “O‘zenergoinspeksiya”ning Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Xususan, Denov tumanida yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli binoda gaz qurilmalari hisoblagichdan tashqari yashirincha tarmoqqa ulangan holda ishlatilgani aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, gaz ta’minoti korxonasiga 307,3 million so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.

Xuddi shunday holat Toshkent tumanidagi “I. S. S.” MCHJda ham qayd etildi. U yerda shartnomasiz va hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulanib, gazdan noqonuniy foydalanilgani natijasida 1 milliard 134 million so‘mlik zarar keltirilgan. Har ikki holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

– Har qanday noqonuniy ulanish nafaqat iqtisodiy zarar, balki aholi xavfsizligiga ham jiddiy tahdid soladi. Bunday holatlarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari muntazam davom ettiriladi. Gazdan foydalanishda qonunchilik talablariga amal qilish barcha foydalanuvchilarning burchi va mas’uliyatidir, – dedi Navro‘z Norboboyev.

Aytish joizki, energetika sohasida xavfsizlikni ta’minlash, gaz ta’minoti tizimidagi har qanday qoidabuzarliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli davlat idoralari tomonidan aniq va tizimli choralar ko‘rilmoqda. Bu jarayonda aholining xabardorligi, mas’uliyat hissi va qonuniylikka rioya qilishi katta ahamiyatga ega.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA