Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zenergoinspeksiya”: o‘rganishlar natijasida 151 ta shoxobcha faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
20:49 / 2025-08-02

Mamlakatimizda aholi xavfsizligi, mehnat muhofazasi va texnik talablarga rioya etilishini ta’minlash davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri sanaladi.

Shu sababli, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 iyuldagi 473-sonli farmoyishiga asosan “O‘zenergoinspeksiya” hamda Respublika ishchi guruhi tomonidan yurtimiz hududida joylashgan yonilg‘i quyish, saqlash va tarqatish inshootlari, shuningdek, chakana savdo shoxobchalaridagi holat atroflicha o‘rganildi. 

Tekshiruv jarayonlarida umumiy hisobda 3 ming 416 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Bu inshootlarda texnik jihozlar, yong‘in xavfsizligi va mehnat muhofazasi qoidalariga amal qilinishi holati sinovdan o‘tkazildi. Natijada 5 ming 568 ta qoidabuzarlik va kamchiliklar aniqlandi. Ushbu muammolar soha faoliyatidagi xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilmayotganidan dalolat beradi. 

Ayniqsa, aniqlangan holatlar ichida texnologik jarayonlarning amaldagi me’yor va qoidalarga mos kelmagani bo‘yicha jiddiy kamchiliklar qayd etildi. Xususan, talablarga javob bermaydigan 151 ta shoxobcha faoliyati vaqtincha, ya’ni kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar to‘xtatildi. Mutasaddi tashkilotlar tomonidan bu ob’ektlarga nisbatan majburiy ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan ayrim brigadalar ish joyidan chetlatildi. 

Sohadagi nazorat tadbirlari nafaqat texnik jihozlanganlikni, balki energetika resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanishni ham o‘z ichiga oldi. Masalan, Sirdaryo viloyatida "D. P. T." xususiy korxonasi elektr uskunalarini o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulab, 1 milliard 609 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan holda faoliyat yuritgani aniqlandi. Bu holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlab yuborildi. 

Energetika ob’ektlarida amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlarida ham xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi jiddiy nazorat qilinmoqda. Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi Oydin hayot mahallasida yog‘och tayanchlar temir-beton ustunlarga almashtirilayotgan jarayonda ishlarni amalga oshirayotgan brigada xavfsizlik texnikasi talablariga zid ravishda harakat qilgani aniqlandi. Bunda tashkiliy va texnik choralar ko‘rilmagani bois, brigada ish joyidan chetlatildi. 

Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, bu kabi keng qamrovli profilaktik tadbirlar nafaqat soha sub’ektlarining mas’uliyatini oshirishga, balki fuqarolar hayoti va salomatligini himoya qilish, energetika resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.  

Shu bois “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan bunday tekshiruvlar davomli ravishda olib boriladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA