Energiya resurslaridan samarali foydalanish va tizimdagi yo‘qotishlarni kamaytirish bugungi kunda davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Shu maqsadda "O‘zenergoinspeksiya" tomonidan hududlarda muntazam nazorat tadbirlari o‘tkazilib, energiya resurslaridan qonuniy va oqilona foydalanish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilmoqda.
Inspeksiya tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida oktyabr oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan 192 ta holat aniqlandi.
Unga ko‘ra, 22,3 million kVt⋅soat elektr energiyasi (63,9 mlrd .so‘m) va 11,4 million metr kub tabiiy gaz (35 mlrd .so‘m) talon-toroj qilingan. Buning natijasida dastlabki hisob-kitoblarga asosan jami 99 milliard 15 million so‘m zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Shuningdek, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha 479 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi.
Inspeksiya axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA