Energiya resurslaridan samarali va qonuniy foydalanishni ta’minlash, sohadagi huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida hududlarda nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Jizzax viloyatida o‘tkazilgan galdagi tekshiruv jarayonida qator qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.
Jumladan, Do‘stlik tumanida yashovchi fuqaro R.Q. tomonidan o‘z xonadonida tovuq ferma tashkil etilgan bo‘lib, u gaz ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, tabiiy gazdan o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qoidabuzarlik orqali davlat gaz ta’minoti korxonasiga 1 milliard 665 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, Sh.Rashidov tumanidagi Oq oltin mahallasida joylashgan viloyat nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan ham qonun talablariga zid holat aniqlandi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, mazkur tashkilot tomonidan sertifikatlashtirilmagan energetika uskunalaridan foydalanilgan bo‘lib, ushbu holat uchun 158,5 million so‘m miqdorida moliyaviy sanksiya qo‘llanildi.
Ta’kidlash joizki, amaldagi qonunchilikka muvofiq, sertifikatlashtirilmagan energetika uskunalari va energiya ta’minoti tarmoqlarining texnik talablarga javob bermaydigan elementlaridan foydalanish, ya’ni sarflangan yoki uzatilgan energiya qiymatining 10 foizi miqdorida jarima solinishiga asos bo‘ladi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil ravishda davom ettirilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA