Joriy yilning sentyabr oyida 911 ta holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.
“O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmatiga ko‘ra, nazorat tadbirlarida 94 million 533 ming metr kub tabiiy gaz va 42 million 961 ming kilovatt soat elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Bu holatlar tizimga 111 milliard 428 million so‘m zarar keltirgan.
– Noqonuniy foydalanishning eng ko‘p holatlari Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keladi, – dedi “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev. – Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, bu hajmdagi tabiiy gaz hozirgi kunda 472 ming 665 ta xonadonning, elektr energiyasi esa 214 ming 805 ta xonadonning bir oylik iste’moliga to‘g‘ri keladi. Ayni chog‘da qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan. Davlat va xalqimiz mulki bo‘lgan bu manbalarni qonuniy va tejamkorlik bilan ishlatish barchamizning burchimiz. Shu sababli, Energetika vazirligi va tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari ayni shu maqsadga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA