Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zenergoinspeksiya” 2026 yilda nazorat ishlari samaradorligini yanada oshiradi
14:59 / 2026-01-05

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida 2025 yil yakunlari va joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari mas’ullari, mutaxassislar ishtirok etgan ushbu tadbirda “O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i Dadajon Isaqulov so‘zga chiqib, 2025 yil davomida olib borilgan nazorat ishlari, amalga oshirilgan tekshiruvlar va natijalarga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, yig‘ilishda sohada korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar va ularning samaradorligi hamda kelgusida bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarni belgilash, davlat nazorati tizimini yanada shaffoflashtirish va inson omilini qisqartirish masalalari atroflicha tahlil etildi.

Qayd etilganidek, energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish eng muhim vazifalardan biridir. Shu sababli, iste’molchilar o‘rtasida energiya va yoqilg‘i resurslarini tejash madaniyatini shakllantirish, profilaktik targ‘ibot ishlarini faollashtirish va samarali monitoring  tizimini joriy qilish muhim hisoblanadi. Shunday talablardan kelib chiqib, hududiy boshqarmalarning ushbu yo‘nalishdagi mas’uliyati va hamkorlik mexanizmlarining natijadorligi alohida ta’kidlandi.

Tadbirda energetika ob’ektlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarning oldini olish va ekspluatatsiya ishlarini qonunchilik talablari va belgilangan me’yorlar asosida to‘g‘ri tashkil qilish masalalariga ham urg‘u berildi. Unga asosan yig‘ilishda mazkur ob’ektlarda doimiy ravishda o‘rganish va monitoring ishlarini olib borish, favqulodda vaziyatlar uchun tezkor chora-tadbirlar rejasini yaratish va nazoratni kuchaytirish zarurligi aytib o‘tildi.

Iste’molchilarga sifatli neft mahsulotlari yetkazib berishni ta’minlash maqsadida nazorat-kimyo laboratoriyalari tomonidan doimiy ravishda nazorat tadbirlarini tashkil etish ishlari ham e’tibordan chetda qolmadi. 

Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda 2025 yil davomida ushbu tashkilot tomonidan amalga oshirilgan ishlar, shuningdek,  yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar birma-bir ko‘rib chiqildi. Hududiy boshqarmalarda aniqlashtirilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi hamda 2026 yilda bajarilishi kerak bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilish yakunida hududiy boshqarma mas’ullarining hisobotlari tinglanib, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi. Mas’ullarga nazorat ishlari samaradorligini yanada oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish vazifasi yuklatildi. 

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA