Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"O‘zenergoinspeksiya" 2025 yilni qanday natijalar bilan yakunlamoqda? – Mutaxassis javob berdi
18:09 / 2025-12-31

Energetika tizimi mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi va aholi farovonligi uchun asosiy rol o‘ynaydi. Shu bois, energiya resurslaridan samarali foydalanish, ularning noqonuniy sarfini oldini olish va qonun hujjatlari talablarini qat’iy ravishda ta’minlash “O‘zenergoinspeksiya”ning eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

Shu ma’noda aytish kerakki, 2025 yil davomida inspeksiya tomonidan energetika sohasida davlat nazoratini amalga oshirish, qoidabuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli nazorat hamda profilaktika tadbirlari amalga oshirildi. 

Bu jarayonda esa asosiy e’tibor energiya manbalariga ratsional munosabat, iste’molchilarning huquqiy madaniyati va sohada shaffoflikni ta’minlashga qaratildi.

“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan 2025 yilda energetika tizimida qonun hujjatlarining ijrosi va davlat nazorati ta’minlandi. Bu haqda inspeksiya axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev quyidagilarni ma’lum qildi:

–2025 yilning yakunlanishiga sanoqli soatlar qoldi. Bu esa har bir tashkilot uchun sarhisob va kelgusi rejalarni belgilab olishda muhim jarayondir.

Ta’kidlash kerakki, tashkilotimiz energetika tizimida shaffoflikni ta’minlash, energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha tadbirlarni tashkil etib keladi. 

 Yil yakuni tahlillariga keladigan bo‘lsak, joriy yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 2 887 ta holat aniqlangan. Dastlabki hisob-kitob natijalariga ko‘ra, ushbu qoidabuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga jami 1 trillion 243 milliard so‘m zarar yetkazilgan. Xususan, elektr energiyasi bo‘yicha 668,9 milliard so‘m va tabiiy gaz bo‘yicha 574,7 milliard so‘mlik energiya resurslari talon-toroj qilingan.

Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish maqsadida 2 696 ta hujjatlar to‘plami huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan. Shuningdek, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 5 296 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan.

Neft mahsulotlari sifati ustidan olib borilgan nazorat tadbirlari davomida avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari va korxonalardan olingan tahlil namunasi asosida 377 ta holatda jami 9,3 million litr neft mahsulotining sifatsiz ekani aniqlanib, ularning iste’mol bozoriga chiqarilishi oldi olingan.

Yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida 48 646 ta iste’molchi bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan. Shu bilan birga, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan iste’molchilarga davlat xizmatlari ko‘rsatish doirasida joriy yilda jami 10 981 ta ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lib, natijada 7 497 ta iste’molchining elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashga ruxsat berilgan.

Quvvati 50 kilovatt va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarga berilgan ko‘rsatmalar ijrosi doirasida 5 361 ta iste’molchining ob’ektlarida reaktiv energiyani kompensatsiya qilish bo‘yicha qurilmalar o‘rnatilishi ta’minlangan. Bu esa 40,6 million kilovatt-soat elektr energiyasini iqtisod qilish imkonini bergan. Berilgan ko‘rsatmalarni bajarmagan 368 ta iste’molchiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Inspeksiyaning barcha hududiy boshqarmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida 495 ta profilaktik-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini tartibga soluvchi 11 ta ichki idoraviy hujjat qayta ko‘rib chiqilgan.

Nazorat va profilaktika tadbirlarining ochiqligi hamda shaffofligini ta’minlash maqsadida o‘rganish jarayonlarida “bodi kamera”lardan foydalanish tizimi joriy etilgan.

Shunday qilib, 2025 yil yakunlari “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan energetika sohasida qonun hujjatlarining ijrosini ta’minlash, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish, sifat va xavfsizlik nazoratini kuchaytirish hamda profilaktik ishlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha izchil va samarali faoliyat olib borilganini ko‘rsatadi. Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan ko‘rilgan huquqiy choralar, energiya tejamkorligini oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlar hamda nazorat jarayonlarida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan yondashuvlar sohada tartib-intizomni mustahkamlash va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA