“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan joriy yilning birinchi choragi davomida umumiy quvvati 1 819 MVtni tashkil etgan 2 ming 239 ta ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazildi.
Bu loyihalardan 1 ming 392 ta ob’ektning elektr qurilmalari elektr tarmoqlariga ulanishiga ruxsat berildi. Shu bilan birga, 128 ta energetika ob’ektining elektr ta’minoti loyihalari kelishilib, shundan 24 ta ob’ektning elektr qurilmalari ishga tayyorligi bo‘yicha xulosalar berildi.
Qayd etish kerakki, elektr ta’minotini texnik shartlarsiz loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga, shuningdek, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmoqlariga ulashga taqiq qo‘yilgan.
Shuningdek, “O‘zenergoinspeksiya”ning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilayotgan brigadalarda xavfsizlik texnikasini buzgan holatlar ham tekshirilmoqda. Masalan, Sharof Rashidov tumanidagi 133-sonli transformator punktida ta’mirlash ishlarini olib borgan brigada xavfsizlik texnikasi talablariga rioya qilmasdan ish olib borgani aniqlandi. Bu holat bo‘yicha brigada ishdan chetlashtirildi va xavfsizlik chora-tadbirlari to‘liq bajarilishi uchun ko‘rsatmalar berildi.
“O‘zenergoinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi va tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida Koson tumanidagi “Arabxona” MFYda joylashgan "D. E." nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi gaz hisoblagichsiz tarmoqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.
Ushbu holat tufayli gaz ta’minoti korxonasiga 190 million so‘mlik zarar yetkazilgan. Ayni paytda mazkur noqonuniy harakat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA