“O‘zeltexsanoat” uyushmasida Fransiyaning “Schneider Electric” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov va ushbu xalqaro kompaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Edgar Bau Shaxin tomonlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, muzokaralar davomida O‘zbekiston elektrotexnika tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlariga ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etish, korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, “Schneider Electric” kompaniyasi elektr energiyasini boshqarish va sanoat avtomatlashtirish sohasida jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritib, sanoat, infratuzilma, binolar va ma’lumotlar markazlari uchun zamonaviy kompleks yechimlarni taklif etadi.
Uchrashuvda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Muloqotda mamlakat elektrotexnika sanoatining eksport salohiyati, tarmoqni raqamlashtirish, energiya tejamkor texnologiyalarni tatbiq etish hamda barqaror rivojlanish yo‘nalishlaridagi istiqbolli tashabbuslar yuzasidan ham fikr almashildi.
Bu kabi imkoniyatlar va istiqbollar tomonlar uchun o‘zaro aloqalarni mustahkamlashda muhim ekani qayd etildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA