Mazkur tadbir O‘zbekiston Prezidentining “Besh tashabbus” loyihasi hamda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni doirasida, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi noshirlik-matbaa sohasida erishilgan yutuqlarni halqaro darajada namoyish etish, mavjud noshirlik, matbaachilik hamda kitob savdosi tashkilotlarining xorijiy soha mutaxassislari bilan o‘zaro xalqaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish, mamlakatda noshirlik ishini zamonaviy, yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tashkil etilgan.
Shuningdek, taqdimotlar orqali o‘zbek adabiyotining yetuk namunalarini xorijiy tillar, jahon adabiyoti sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish borasida kelishuvlarga erishiladi. Qolaversa, tadbirdan aholi va yosh avlodni bilim olish, ma’naviy va ma’rifiy saviyasini yuksaltirish, ularni yangilanayotgan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi g‘oyalari va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlar ko‘zlangan.
Unda Armaniston, Belarusiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Turkiya va Hindiston davlatlaridan kelgan 46 ta xorijiy nashriyotlar, kitob savdo tashkilotining 98 nafar vakillari bilan birgalikda, Respublikamizdagi 30 ta davlat va xususiy nashriyotlar hamda kitob savdo tashkilotlari ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston prezidentining mamlakatimizda noshirlik, adabiyot, kutubxona va kitobxonlik sohalarini rivojlantirishga qaratilgan 10 ga yaqin farmoni, qaror va farmoyishlari imzolangan. Qolaversa, 2021 yilda “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni yangi tahrirda qabul qilingani tahsinga sazovordir.
2019 yilda respublikamizda 227 ta nashriyot faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni salkam 360 taga yetgan. Ushbu nashriyotlarning 41 tasi davlat tasarrufidagi korxonalar bo‘lsa, qariyb 320 tasi xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli. Bundan tashqari, matbaachilikdagi ko‘rsatkichlar ham sezilarli oshgan, jumladan, 2022 yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra respublikamizdagi matbaa korxonalarining soni
1746 taga yetgan, ularning 1660 ga yaqini xususiy korxonalardan iborat.
2019-2022 yillarda esa nashriyotlar tomonidan 26 ming
754 nomdagi 132 mln.dan ortiq adabiyot va matbaa mahsulotlari nashr etilgan.
Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi joriy yilning 4 noyabr sanasiga qadar davom etadi.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/lefZeKij7Hc" title="“TASHKENT BOOK FEST – 2022” III Toshkent Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etildi." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
M. Eshmirzayeva, D. Yakubov (video) O‘zA