Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtirilishi mumkin
15:02 / 2024-03-05

Hech kimga sir emas, mamlakatimizda o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylar ko‘p. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi yer egasiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra oxiriga yetmagan 3,8 milliondan ortiq 493 ming gektar yer uchastkalari mavjud.

Afsuski, amaldagi qonunchilikda bu yerlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish uchun huquqiy asos ham, vakolatli organ ham belgilanmagan. Hozirgacha huquqlarni e’tirof etish masalasida jami 5 marta aksiya e’lon qilingan. Ularda hammasi bo‘lib 1 million 338 mingta o‘zboshimcha qurilgan uy hujjatlashtirilgan.  

Yurtimizda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga davlat tomonidan bir martalik amnistiya e’lon qilingan edi. Ushbu aksiya natijasida yarim milliondan ortiq insonga uy-joylari qonuniy rasmiylashtirib berildi. Bu yarim million oila qonuniy boshpanalik bo‘ldi. Uy-joy borasida qanchalik murakkab bo‘lmasin, davlat tomonidan fuqarolar tomon ulkan qadam tashlanganini hech kim inkor qila olmaydi.  

Shu o‘rinda aytish joiz, ayrim yurtdoshlarimiz turli sabablarga ko‘ra mazkur aksiyada ishtirok etolmagan. Buning natijasida yashab turgan uy-joyiga egalik huquqini ololmay sarson.  

Aslida tortishuv, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarda bu qadar tushunmovchilik va ziddiyatlar kelib chiqishi sabablari nimada?  

Buning birinchi sababi, fuqarolarni arzon uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha uzoq yillar yetarlicha harakat qilinmadi. Qishloq joylarida aholi uchun hamyonbop turar joy binolarini qurish masalasi e’tiborga olinmadi. Buni aniq raqamlar misolida qaraydigan bo‘lsak, 2009 -2017-yillar davomida 81 ming 992 ta uy qurildi, 6 ming 624 ta uy-joy massivi barpo etildi.  O‘zbekiston aholisi soni esa bu davrda 27 milliondan 32 millionga oshdi. Tabiiyki, uy-joy qurilishi shiddati aholi o‘sishidan ancha ortda qoldi.  

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning aholi eng zich yashaydigan hududi hisoblanadi. Lekin aholi soni bo‘yicha MDH davlatlari o‘rtasida Rossiyadan keyin 2-o‘rinda turadi.  

Sodda qilib aytganda, yurtimizda yer resurslari nihoyatda cheklangan. Aholi esa juda tez sur’atlarda ko‘paymoqda. Aholi soni o‘sishi shiddati sug‘oriladigan yer maydonlari oshishidan ancha yuqori. Shundan kelib chiqib aytish mumkin, aholi yashash uchun uy-joy, boshpana qurish maqsadida o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurib olmoqda.  

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar haqida fikr bildirishda, har bir holat alohida o‘rganishni talab etishini unutmaslik lozim. O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarning katta qismi hududlarda yuzaga kelmoqda. Qishloq sharoitida ish o‘rinlari kam, ishlab chiqarish juda past. Natijada odamlarda yer sotib olishga mablag‘ yetmaydi. Noilojlikdan qonunlarni chetlab o‘tib, boshpana qurib olmoqda. Shu uylarga hujjat to‘g‘irlolmay sarson-sargardon bo‘layotir.  

Yaqinda “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.  

Qonunga asosan quyidagi ko‘chmas mulklarga nisbatan huquqlar e’tirof etilishi belgilanmoqda.  

Xususan, 2018-yil 1-may kuniga qadar fuqarolar yakka tartibdagi, uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan mulkiy huquqlar e’tirof etilishi belgilanmoqda.  

Shuningdek, 2018-yil 1-may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga ko‘chmas mulklarga nisbatan huquqlar e’tirof etilishi belgilanmoqda.  

“Bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga (126 mingdan ortiq) ko‘chmas mulklarga nisbatan huquqlar e’tirof etilishi belgilanmoqda. 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalariga, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasiga muvofiq viloyat, tuman, shahar hokimliklarining yer munosabatlari sohasidagi qarorlari Xalq deputatlari tegishli Kengashi tomonidan tasdiqlanishi nazarda tutilgan.  

Bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga, kichik sanoat zonalari hududiga 2020-yil 9-martga (Nizom qabul qilinguniga) qadar joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga (500 dan ortiq), davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylarga nisbatan huquqlar e’tirof etiladi.  

Bunda, ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun to‘qson to‘qqiz yil, boshqa yer uchastkalari uchun qirq to‘qqiz yil etib belgilanmoqda.  

Fuqaro tomonidan 2018-yil 1-may kuniga qadar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasiga quyidagi asoslarga ko‘ra ijara huquqi e’tirof etiladi.  

Agar ushbu yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga chiqarilmagan bo‘lsa, agar ushbu yer uchastkasidan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa, agar ushbu yer uchastkasi uchun yer solig‘i hamda unda qurilgan bino va inshootlar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa ijara huquqi e’tirof etiladi.  

E’tiborlisi, huquqlarni e’tirof etishning asosiy shartlari sifatida quyidagilar belgilanmoqda. Xususan, yer uchastkasi boshqa shaxsga ajratilmagani yoki auksionga chiqarilmagani, yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi, yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi, muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmagani, har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar) belgilanmoqda.  

Yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi quyidagi hajmgacha e’tirof etiladi. 1998-yil 1-iyulga qadar egallangan bo‘lsa – 0,24 gektargacha, 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-may kuniga qadar egallangan bo‘lsa – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda, 0,12 gektardan oshmagan hajmda e’tirof etiladi. Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.  

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu loyiha qabul qilinsa, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan uy-joy, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtilishi uchun huquqiy asoslar yaratilar edi.  

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA