Qonun va ijro
Ma’lumki, 2024 yilning 5 avgust kuni davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun imzolangan edi.
Ushbu qonun o‘tgan yilning 8 noyabridan kuchga kirdi. Shuningdek, 2024-2025-yillarda xatlov qilinadigan mahallalar reja-jadvali tasdiqlandi.
Ushbu qonunga asosan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer va binolarga kadastr hujjatlari berila boshlandi. Fuqarolar o‘z yer va uylariga egalik huquqini olmoqda. Bugungi kunda 4000 dan ortiq kadastr xodimlari tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab xatlovlar amalga oshirilmoqda va hujjatlar tayyorlanmoqda.
Kadastr agentligi bo‘lim boshlig‘i Bahodir Madiyarov bilan suhbatimiz shular xususida bo‘ldi.
– Ushbu qonunga asosan qanday toifadagi mulklarga mulk huquqi e’tirof etiladi?
–Mazkur qonunga asosan 2018 yil 1 may kuniga (2018 yildagi “bir martalik aksiya”ga) qadar fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga, 2018 yil 1 may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga nisabatan huquqlar e’tirof etiladi.
Shuningdek, “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga, 2021 yil 8 iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquqlar e’tirof etiladi.
Qolaversa, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga, kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martga qadar joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga, davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga, hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga mulk huquqi beriladi.
Bunda ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun to‘qson to‘qqiz yil, boshqa yer uchastkalari uchun qirq to‘qqiz yil etib belgilanmoqda.
–Ko‘chmas mulklar qanday shartlar asosida qonuniylashtiriladi?
–Bunda huquqlarni e’tirof etishning asosiy shartlari sifatida yer uchastkasi boshqa shaxsga ajratilmagani yoki auksionga chiqarilmagani, yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi, yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi, muhofaza zonasi, sug‘oriladigan yerda joylashmagani belgilangan. Shu bilan birga, bosh reja talablariga zid emasligi, har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar belgilangan.
Qonunga asosan, yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi quyidagi hajmgacha e’tirof etiladi. Ya’ni, 1998 yil 1 iyulga qadar egallangan bo‘lsa – 0,24 gektargacha, 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 may kuniga qadar egallangan bo‘lsa – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmda rasmiylashtirib beriladi. Bu ko‘rsatilgan hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.
Shuningdek, yer uchastkalari boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibidan Toshkent, Nukus shaharlari yoki viloyat markazlari hududi tarkibiga o‘tkazilgan hollarda, yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi ular avval joylashgan ma’muriy-hududiy birlikdagi ijara huquqini e’tirof etish shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
–O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini rasmiylashtirish uchun qancha to‘lov undiriladi?
–O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekiston hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlardan bir martalik to‘lov undiriladi.
Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga bo‘lgan mulk huquqini Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman-shahar komissiyalari tomonidan e’tirof etish mumkin deb topilgani hollariga yoki uni e’tirof etish rad etilgani yoxud arizalarning ko‘rib chiqilishi bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati o‘tgani sababli yakuniga yetmaganligi hollarida bir martalik to‘lov undiriladi.
Qolaversa, fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga, xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga, fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi.
Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 5 baravari, Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida 3 baravari miqdorida, viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda 2 baravari, boshqa aholi punktlarida 1 baravari miqdorida to‘lov qilinadi. Hozirgi vaqtda BHM miqdori 375 ming so‘mga teng.
–O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar va binolarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishda nogironligi bo‘lganlarga, kam ta’minlanganlarga yengilliklar nazarda tutilganmi?
–Ha. Bir martalik to‘lovni to‘lashdan quyidagi shaxslar ozod etiladi. Xususan, bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yig‘imni to‘liq to‘lagan shaxslar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik to‘lov belgilangan to‘lovning ellik foizi miqdorida undiriladi.
Agar bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman-shahar komissiyalari tomonidan shaxsning o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish mumkin deb topish belgilangan xulosasiga asosan dalolatnoma shakllantirilgan, biroq bir martalik yig‘im undirilmagan yoki to‘liq hajmda undirilmagan bo‘lsa, u holda bir martalik to‘lov ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq undiriladi. Bunda bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida undirilgan bir martalik yig‘im summasi inobatga olinadi.
Shuni ham aytish joiz, bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida to‘langan bir martalik yig‘im va ushbu qonun doirasida undiriladigan bir martalik to‘lov o‘rtasidagi farq qaytarilmaydi.
2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik sub’ektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga belgilangan. Yakka tartibdagi uy-joy egallagan yer uchastkasining amaldagi maydoni ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan o‘lchamlardan oshgan hollarda, yer uchastkasining ortiqcha egallangan qismiga bo‘lgan ijara huquqi, basharti boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasa, dehqon xo‘jaligini yoki tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining o‘rtacha bozor qiymati miqdorida undiriladi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining o‘rtacha bozor qiymati yer uchastkalaridan foydalanish maqsadlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 0,01 gektar maydon uchun fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining hududiy birliklari bo‘yicha har yili yanvar va iyul oylarida belgilanadi. Uning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi hamda avtomatlashtirilgan axborot tizimiga taqdim etiladi. Bunda tegishli hududda oxirgi o‘n ikki oyda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini sotish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlardagi o‘rtacha narxlar, elektron onlayn-auksion o‘tkazilmagan hududlar uchun esa tegishli tuman-shahar yoki yuqori turuvchi ma’muriy-hududiy birliklar bo‘yicha o‘rtacha narxlar ijara muddatiga ko‘ra tuzatish kiritilgan holda asos sifatida qabul qilinadi.
Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov belgilangan muddatlarda to‘lanmagan taqdirda, ularning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish to‘g‘risidagi ishlar to‘xtatib turiladi.
Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov to‘langan taqdirda, elektron yig‘majild, ma’lumotlar va hujjatlar tayyorlangan ijobiy xulosalar bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga navbatdagi sessiyada ko‘rib chiqish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.
–Qonun kuchga kirganiga 5 oy bo‘ldi. Shu vaqtga qadar nechta fuqaroga kadastr hujjatlari berildi?
–Shu vaqtga qadar qonun asosida 95 nafar fuqaroning uy-joyga nisbatan huquqlari e’tirof etildi. Endilikda fuqarolar o‘z uy-joylari va yer uchastkalari ustidan qonuniy huquqlarga ega bo‘lishdi. Bu borada ishlar davom etmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA