Mamlakatimizda keyingi yillarda aholiga, eng avvalo, qishloq joylarida munosib uy-joy sharoitlarini yaratish, ularning mulk huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga oid keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu ishlarning barchasi “Inson qadri uchun”, “Davlat – inson uchun” degan ezgu tamoyillar asosida hayotga joriy etilayotir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga egaligi, davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantirishi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi alohida belgilab qo‘yilgan. Joriy yil 5 avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Shunga ko‘ra, endilikda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlar e’tirof etilib, egalik huquqi beriladi. Bu ham Yangi O‘zbekistonda inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat sifatida ulug‘lanayotganini keng namoyon etadi.
Mazkur qonun bilan 1998 yil 1 iyulga qadar egallangan yer uchastkasi uchun barcha hududlarda 0,24 gektardan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda, 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 mayga qadar egallangan yer uchastkasi uchun – Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda e’tirof etilishi belgilandi. Shuningdek, qonunda uni tatbiq etishning mezonlari ham aniq belgilab berildi. Ya’ni, 2018 yil 1 mayga qadar uy-joy qurish orqali o‘zboshimcha egallangan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan ob’ektlarga, hujjatlarda ko‘rsatilganidan 2018 yil 1 mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan ob’ektlarga, oldingi aksiya doirasida huquqlar e’tirof etilishi yakuniga yetmagan ko‘chmas mulk ob’ektlariga, 2021 yil 8 iyunga qadar ajratilgan, biroq yer ajratish qarori tasdiqlanmagan yer uchastkasiga, fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga, 2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar joylashgan yer uchastkasiga, xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga tatbiq etish ko‘zda tutildi.
Ayni paytda ko‘pchilik bu huquq e’tirof etilishining asosiy shartlari bilan ham qiziqmoqda. Buning uchun o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi, yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi, yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik bo‘lmasligi, muhofaza etiladigan hududlarda joylashmagan bo‘lishi, har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar) kabi mezonlarga to‘g‘ri kelishi kerak.
Bino va inshootlar, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylar qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi sug‘oriladigan yerlarda joylashgan taqdirda, huquqlarni e’tirof etish masalasi yer fondining toifasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘zgartirilganidan keyin ko‘rib chiqiladi. Yer uchastkalari boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibidan Toshkent, Nukus shaharlari yoki viloyat markazlari hududi tarkibiga o‘tkazilgan hollarda yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi ular avval joylashgan ma’muriy-hududiy birlikdagi ijara huquqini e’tirof etish shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Viloyatda qonun ijrosini ta’minlash uchun o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan bino, inshootlar belgilangan tartibda xatlovdan o‘tkazilmoqda. Bu jarayonda hozirgacha 263 ming 619 xonadon o‘zboshimchalik bilan yer maydoniga uy-joy qurgani sababli davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani aniqlandi.
O‘rni kelganda shuni ham aytish lozimki, qonunda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasiga huquqlarni e’tirof etish tartib va jarayonlari, ma’lumot va zarur hujjatlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish bosqichlari, qonunning amal qilish muddati ham belgilab qo‘yilgan. Bularning barchasi inson qadri e’zozlanayotgan mamlakatimizda davlat o‘z xalqiga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklarning amaldagi yana bir ifodasidir.
Menglimamat Abdurahmonov,
Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi
OʻzA