Xalqimizda «pul topibsan-u aql topmabsan» yoki «pulni topishni emas, sarflashni o‘rgan», «tadbirkor, bu – mablag‘ topishni bilgan emas, uni sarflashni bilgandir», ... kabi ibratli so‘zlar ko‘p.
Bugun o‘zboshimchalik bilan imorat qurish, yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish yaxshigina bosh og‘riqqa aylangan.
Aytishingiz mumkindir, «o‘zboshimchalik bilan o‘sha qurilmani qurishdan oldin hokimiyatga murojaat qilgan-ku, hokimiyat bilgan-ku, lekin murojaatga o‘z vaqtida javob olmagandan keyin quradida, nima qilsin yoki bunda korrupsiya holatlari bor, kimdir tama’girlik qilib va’da berganki, qurgandir, bo‘lmasa, uning ham kalla (aqli)si bor, o‘z-o‘zidan qurmas», deb...
Bu endi alohida mavzu, ammo mazkur mavzuda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat – aqlsiz sarflangan mehnat va havoga sovurilayotgan mablag‘ hamda uning oqibatlari haqida biroz mushohada qilish o‘rinliroq.
Avvalo, «O‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat», degan iboraga aniqlik kiritib olsak:
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek, imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga - sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.
Ana shu asoslarda ham sudlarda bunday da’volar deyarli 100 foizga qanoatlantiriladi, ya’ni o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish haqida xulosa qilinadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahridagi bitta tuman sudida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish haqida, misol tariqasida olaylik, bir oy – noyabr oyida 9 ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, ushbu ishlar doirasida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi maydoni o‘rtacha 1 000 kv/m (egallab olingan ushbu joylar bo‘yicha kiritilgan da’volar bo‘yicha ularning kichik maydoni 12 kv/m bo‘lsa, katta maydoni 625 kv/m. tashkil etadi.)dan ko‘proq maydonni egallagani holda shu maydonda imorat qurilgan.
Endi bunga sarf qilingan kuch-mehnat, vaqt, asab, havoga sovurilgan xarajat hamda mazkur imoratlarni buzib tashlashga qilinadigan xarajat-chiqimlarni tasavvur qilavering... Bir so‘z bilan aytganda, qonunga amal qilmaslik oqibati deyish mumkin.
Biz keltirgan bu misollar albatta, qonuniy imoratlar, qonunga muvofiq davlat va jamiyat manfaatlari uchun olinadigan kuchmas mulk, yer uchastkasi, «snos»lar va ular uchun zararni qoplashga doir nizolarga taalluqli emas.
Endi maqola mavzusidagi sharh qismiga o‘tamiz:
Davlat egaligidagi yer maydonida o‘zboshimchalik bilan imorat qurish, yer uchastkasini egallab olishning kelib chiqish sabablari quyidagilar:
- Yuqori tavakkalchilik (risk) - o‘zboshimchalik bilan quriladigan imoratga hujjat rasmiylashtirib olishga bo‘lgan asossiz ishonch va ushbu asossiz ishonchni qonun ustuvorligidan muhim deb bilish ayrim toifa aholi ongiga singib qolganligi hamda yer uchastkasini egallab olishga bo‘lgan xohish-istakning o‘ta kuchliligi;
- Yer uchastkasiga nisbatan ruxsat olish jarayonida, ruxsat berish tartib-taomillarining murakkab jarayoni, bu sohada hali-hamon byurokratiya, san-salorlikning saqlanib qolayotganligi;
- Yer uchastkasini ajratish masalasi oxir-oqibat yakka bir mansabdor yoki komissiya, ishchi guruhning xulosasiga qattiq bog‘lanib qolinganligi, bu borada qonun ustuvorligining yetarlicha ta’minlanmayotganligi;
- Korrupsiyaviy omillar, o‘zboshimchalik bilan imorat qurib olgan shaxsning ma’lum mas’ul yoki mansabdorning pora olishga unday bilishga bo‘lgan ishonch, ma’lum mas’ul yoki mansabdorni manfaat evaziga og‘dirishga ishonish aholining ayni qatlami ongiga singib qolganligi;
- Yer uchastkasi ajratishning lozim darajadagi eng maqbul, zamonaviy, yaxlit tizimining amalda mavjud emasligi. Hatto, yer uchastkasini elektron savdolarda sotish tizimiga o‘tilayotganligi ham kutilgan samarani bermasligi, ya’ni mablag‘i bor va ESlarda tajriba to‘plagan shaxs, shaxslar guruhini bunday savdolarda g‘olib bo‘lish ehtimoli yuqoriligi, bunda iqtisodiy va moliyaviy jihatdan ehtiyojmand qatlam yoki imkoniyati cheklangan kichik tadbirkorning huquqlari e’tiborga olinmaganligi;
- Yer uchastkasi yurtimizdagi eng qimmat tovarlardan biri – oldi-sotdi (noqonuniy bo‘lsada) ob’ektiga, shu oldi-sotdi jarayonlari esa, qora bozor, daromad manbai, noqonuniy (yashirin) biznes vositasiga aylanib ulgurganligi (chala bo‘lsada imorat qurish va mulk huquqini olib sotish avj olganligi);
- Yer uchastkasi borasida vakolatga ega bo‘lgan mahalliy hokimliklar va vakolatli nazorat qiluvchi idoralarning nazorat instituti yetarli samara bermayotganligi, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar bilan bog‘liq ishlarning ko‘rishda protsessual qonunchilikka muvofiq, sudlarning da’vo predmeti bilan cheklanishi kabi bir qator omillardir.
NIMA QILISH KERAK?
Demak, bu borada qat’iy qonun normalarini o‘rnatish va amalga tatbiq etish;
Ayni qonunlarning samarali nazoratini ta’minlash, yer uchastkasini realizatsiya qilishda topshiriqlarga emas, faqat va faqat qonun ustuvorligiga amal qilish;
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda sudlar vakolatini kengaytirish, bunday nizolarni hal etishda sudlar roli va o‘rnini oshirish, «oxirgi so‘zni sud aytadi» degan tamoyilga amalda o‘tish, ayni nizolar bo‘yicha sud qarorlari ijrosini belgilangan muddatda va so‘zsiz ijro etish;
Hududlardagi tafovutlar va o‘ziga xos jihatlarni inobatga olgan holda yer uchastkasi ajratishning ilg‘or, shaffof va adolatli hamda Parlamentning norma ijodkorligi ko‘zatuvi bilangina (faqat qonunlar asosida) ta’minlanadigan tizimini yaratish va amalda yo‘lga qo‘yish, bu boradagi barcha qonun osti hujjatlaridan voz kechish;
Davlatning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga nisbatan jamiyatda murosasiz munosabatni shakllantirishga erishish;
Jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, mahalalalar, boshqa nodavlat sektorlarining nazorati institutlari imkoniyatlari hamda ularning fikr-mulohazalaridan samarali foydalanish darkor.
Va nihoyat, maqola nomida aytishni maqsad qilganimiz – ushbu masalani kim qanday tushunishi albatta uning ilmi, dunyoqarashi, tarbiyalangan muhiti, tajribasi va hokazolarga bog‘liqku-ya, lekin gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat – aqlsiz sarflangan vaqt, kuch-mehnat va havoga sovurilayotgan mablag‘ (investitsiya) ekanligini tan ola bilishdadir.
XULOSA SIZDAN...
Yana bir mushohadaki, to‘g‘ri va aql bilan sarflangan, sarflanajak vaqt, kuch-mehnat hamda mablag‘ (investitsiya) har qanday davlatni yuksaltirish yo‘lidagi asosiy omillardan biri sanaladi...
Davlatning yuksalishiga beminnat hissani qo‘shish esa, har birimizni burchimizdir.