Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar bo‘yicha xatlov jarayoni jadallashadi
12:39 / 2026-01-28

Yurtimizda 2024 yil noyabr oyidan buyon “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun asosida yalpi xatlov ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyatida joriy yil 1 yanvar holatida 179 ta mahalladagi 96081 ta ko‘chmas mulk ob’ekti xatlovdan o‘tkazilgan va Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi tomonidan 4 ming 696 nafar fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etildi. Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘tgan hafta o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida yana 1500 nafar fuqaroning huquqlarini e’tirof etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. E’tirof etilgan yer uchastkalari va uy-joylar belgilangan tartibda kadastr idorasidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmoqda.  

– Xatlov jarayonlari besh bosqichdan iborat ketma-ketlikda amalga oshirilmoqda, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Hotamov. – Avvalo, mahalla chegarasi va inventarizatsiya xududi chegarasi yaratilib, ikkinchi bosqichda ko‘chmas mulklar inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda. So‘ngra ko‘chmas mulklarni migratsiya tizimi orqali UZKAD axborot tizimiga olib o‘tish, mazkur tizimda elektron yig‘majild shakllantirish hamda beshinchi bosqichda to‘plangan ma’lumotlar “E’tirof” axborot tizimiga kiritilmoqda. Bu ishlarni bajarishga boshqarmamiz va tuman (shahar) filiallarimizdagi 300 nafardan ortiq xodim, jumladan, 237 nafar kadastr muhandislari safarbar qilingan.  Mutaxassislarimiz tomonidan joriy yil 20 yanvar holatiga viloyatdagi 186 ta mahallada 158 ming 683 ta ko‘chmas mulk ob’ekti xatlov yo‘li bilan texnik inventarizatsiyadan o‘tkazilib, elektron xaritalari yaratildi. 67 ming 644 ta ob’ekt UZKAD axborot tizimida elektron yig‘majild shakllantirish uchun migratsiya qilinib, 47 ming 892 tasi faollashtirildi hamda 47 ming 892 ta ob’ekt haqidagi ma’lumotlar “E’TIROF” axborot tizimiga kiritilib, tashkilotlar muhokamasiga yuborildi. Bu ma’lumotlarning vakolatli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishi holatiga qaraydigan bo‘lsak, ayni paytda 3 ming 844 tasi e’londa, 31 ming 207 tasi muhokama jarayonida turibdi. 1 ming 259 ta ob’ekt rad etilgan bo‘lsa, 789 tasi tahrirlashda, 2 ming 722 tasining to‘lovi kutilmoqda. 1 ming 277 tasi qaror qabul qilish holatida turibdi. Qonunning 17-moddasiga asosan huquqlarni e’tirof etish tizimida to‘liq shakllantirilgan elektron yig‘majild ma’lumotlari xatlov o‘tkazilgan barcha mahalla binolarida o‘rnatilib, jamoatchilikka e’lon qilib borilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, o‘tgan davr mobaynida xatlov jarayonida ish hajmining kattaligi va belgilangan muddatning qisqaligi, ma’lumotlar o‘rtasidagi nomutanosibliklar, texnik vositalar yetishmasligi yoki eskiligi, aholi tomonidan hujjatlarning to‘liq taqdim etilmasligi, yangi ishga qabul qilingan xodimlarda amaliy tajribaning yetarli emasligi kabi muammolar kuzatildi. Bu masalalar o‘tgan yili Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarida bir necha bor muhokama etildi va uning natijalari bo‘yicha tegishli organlarga murojaat qilindi.

– Ish hajmining kattaligi va qisqa muddatlar bilan bog‘liq muammolarni kamaytirish maqsadida qo‘shimcha shtat birliklari joriy etildi hamda xodimlar o‘rtasida ish hajmi qayta taqsimlandi, xatlov ishlari hududlar kesimida bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda, – deydi Ravshan Hotamov. – Ma’lumotlar o‘rtasidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish uchun manzillar tizimi, kadastr va boshqa davlat axborot bazalarini o‘zaro integratsiya qilish ishlari kuchaytirildi, ma’lumotlarni solishtirish va yangilash jarayonlari tizimli yo‘lga qo‘yildi. Kadastr bo‘limlari zamonaviy, yuqori parametrlarga ega kompyuter texnikasi hamda sohaga oid kartografik va geoaxborot dasturiy ta’minotlar bilan bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda. Xatlovda aholining faol ishtirokini va xodimlarimiz xonadonga bir marta borgandayoq tegishli hujjatlar taqdim etilishini ta’minlash maqsadida jarayon davom etayotgan mahallalarda fuqarolar o‘rtasida tushuntirish ishlari kuchaytirildi. Ish hajmining ortib borishi hisobga olinib, boshqarmaning shtat birliklari qayta ko‘rib chiqildi va umumiy shtatlar soni 548 tadan  

582 taga oshirildi. Geografik ob’ektlarni nomlash hamda manzillar tizimini yuritish bo‘yicha alohida shu’ba tashkil etildi. Shuningdek, har bir tuman va shahar filialiga manzillar tizimi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy qilindi. Yangi ishga qabul qilingan xodimlarning malaka va tajribasini oshirish uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari, amaliy treninglar o‘tkazilmoqda, ular “ustoz-shogird” tizimi asosida tajribali mutaxassislarga biriktirilmoqda. Samarqand shahar filialida esa xatlov ishlarining katta hajmini inobatga olgan holda kadastr muhandislari, elektron xarita muhandislari hamda topograflar soni qo‘shimcha ravishda oshirildi. Bu esa amalda xatlov ishlarini tezkor va sifatli tashkil etish imkonini bermoqda.

Xatlov jarayonida shu paytgacha kuzatilgan muammo va kamchiliklar, qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish va ish sur’atini tezlashtirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqilib, ayni paytda parlamentda ko‘rilmoqda.

– Qonunga kiritilayotgan eng katta o‘zgartirishlardan biri ob’ekt bo‘yicha yakuniy xulosa berish muddatining 150 kundan 50 kunga qisqartirilayotgani, – deydi Samarqand viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ozodjon Shodiqulov. – Bunda taqdim etilgan hujjatlarning vakolatli tashkilotlar, adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqish muddatlari kamida ikki barobarga qisqarib, 20 kunni, jamoatchilik muhokamasi esa amaldagi bir oy muddatdan 10 kunni tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, soliq qarzi bazaviy hisoblash miqori (BHM)ning 30 baravari, ya’ni ayni kunda bu 12 million 3 ming so‘mdan oshmasa, huquq e’tirof etilishi mumkin bo‘ladi. Huquqni e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov 20 ish kunida amalga oshirilsa 50 foiz chegirma berish taklif etilyapti. Bundan tashqari, to‘lovni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Yana bir masala – huquqni e’tirof etish yuzasidan vakolatli organlar xulosa berish muddatiga rioya qilmasa, bu – davlat xizmati ko‘rsatish muddatini buzish deb hisoblanadi va bunday holat ma’muriy javobgarlik chorasi ko‘rishga sabab bo‘ladi. Bu kabi o‘zgarishlar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarida va ularda qurilgan uy-joylarga bo‘lgan huquqni e’tirof etish jarayonlarini tezlashtiradi va o‘z navbatida kadastr idorasi tomonidan ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘z vaqtida o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytiradi. Agar bu loyiha takliflari tasdiqlanib, qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilsa, viloyatimizda o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan xatlov ishlarini birinchi chorakning o‘zida bajarish va yil davomida kamida 30 ming fuqaroning ijara va mulk huquqni e’tirof etish ko‘zda tutilgan.

Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlangan xatlov reja-grafigiga ko‘ra, 2026 yilda Samarqand viloyatidagi 231 ta mahallada xatlov ishlarini amalga oshirish belgilangan. Ammo qonunchilikka kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishlar hamda Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “metodik hudud”ga aylantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida bu yil xatlov o‘tkaziladigan mahallalar sonini 441 ta etib belgilash borasida ham ishlar olib borilmoqda. Bu natijaga erishish uchun tegishli vazirlik va idoralarga takliflar berilgan, amaliy choralar ko‘rilmoqda. Ana shunda 2027 yilda viloyatning qolgan 441 ta mahallasida ham xatlov jarayonlarini tashkil etib, qonun amal qiladigan muddatda ishlarni yakuniga yetkazish rejalashtirilmoqda.

G‘olib HASANOV, O‘zA muxbiri